YALLIG’LANISHGA QARSHI DORILAR

YALLIG’LANISHGA QARSHI DORILAR — yallig’lanish jarayonini susaytirishda qo’llaniladigan dorilar; ular sirtga, og’iz orqali, rektal va in’yektsion qo’llash uchun mo’ljallangan bo’lib, deyarli barcha dori shakllari holida ishlab chiqariladi. Yallig’lanishga qarshi dorilarni qo’llash yallig’lanish jarayoni qaysi a’zoda kuzatilayotganligi, uning patogenezi va boshqalarga bog’liq. Farmakologik faol birikmalarning turli guruhlariga mansub ko’pgina dori vositalari yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega, ular yallig’lanishning sabablari, tabiati va tasnifidan qat’i nazar unga qarshi ta’sir ko’rsatadi. Infektsiya sababli yallig’lanishda antibiotiklar va boshqalar kimyoterapevtik vositalar qo’llaniladi, ular mikroorganizmlarning hayot faoliyatini susaytiradi va mikroflora muhitidagi yallig’lanish jarayoniga nisbatan ta’sir qiladi. Alohida kimyoterapevtik vositalar (masalan, sulfanilamidlar, tetrasiklinlar va boshqalar) ham yallig’lanish jarayonlarini bartaraf etadi, lekin ularning samarasi kam. Kimyoviy tuzilishiga ko’ra Yallig’lanishga qarshi dorilar steroid va nosteroid guruhlarga bo’linadi. Buyrak usti bezlari po’stlog’i gormonlari va ularning sintetik o’rindoshlari — glyukokortikoidlarning amaliy ahamiyati katta bo’lishiga qaramay, ulardan foydalanganda ba’zi noxush holatlar ro’y beradi. Shuning uchun ularni o’z bilgicha qabul qilish yaramaydi. Yallig’lanishga qarshi steroid vositalarga rezorbtiv (gidrokortizon, prednizolon, deksametazon va boshqalar) va mahalliy ta’sir qiluvchi (flyuosinolon atsetonid, flyumetazon pivalat, betametazon va boshqalar) glyukokortikoidlar kirib ularning ta’siri immunodepressiv ta’sir bilan birgalikda namoyon bo’ladi; nosteroid vositalarga karbon kislotalarning ba’zi hosilalari (pirazolon, oksikam va boshqalar) kiradi. Bir qator og’riq qoldiruvchi dorilar ham Yallig’lanishga qarshi dorilar sifatida ishlatiladi. Bular yallig’lanishga qarshi ta’siri jihatidan glyukokortikoidlardan kuchsizroq, qo’shimcha kasalliklarni ham nisbatan kam keltirib chiqaradi. Shu tufayli og’riq qoldiruvchi dorilar bo’g’imlar, muskullar va ichki a’zolar yallig’lanishida keng qo’llaniladi. Ular analgetik va isitma tushiruvchi ta’sirga ega. Ko’pgina dorivor o’simliklar (masalan, bo’yimodaron, mavrak va boshqalar) ba’zi teri va shilliq qavatlar kasalliklarida yallig’lanishga qarshi yaxshi naf beradi. Me’daichak yo’llari yallig’langanda (ayniqsa bolalarda) shilimshiq holidagi dori buyuriladi. U bevosita yallig’lanishga qarshi ta’sir etmay, faqat shilliq pardani o’rab oladi va uni har xil ta’sirlardan saqlaydi. Burishtiruvchi dorilar ham yallig’lanishga qarshi kuchsizroq ta’sir etadi, ular asosan teri va shilliq pardalar yallig’langanda ishlatiladi. Burishtiruvchi dorilar to’qimaning oqsil moddalari bilan birgalikda himoya qatlami hosil qilib, shilliq pardalarni va shikastlangan sirtlarni turli ta’sirotlardan saqlaydi va yallig’lanish jarayonining avj olishiga yo’l qo’ymaydi. Aseptik yallig’lanishda (ayniqsa, allergik yoki autoallergik to’qimalar shikastlanganda) yallig’lanishga qarshi steroid vositalarning immunodepressiv ta’siri alohida ahamiyatga ega. Immunodepressantlar, asosan, immunitet hujayra omiliga susaytiruvchi ta’sir ko’rsatib, tsitostatik ta’sir hisobiga yallig’lanishning proliferative bosqichini bartaraf etadi. Yallig’lanishga qarshi dorilar kelib chiqish sabablari turlicha bo’lgan yallig’lanish kasalliklarini da-volashda qo’llaniladi. Ulardan ko’pincha revmatizmga qarshi vosita sifatida foydalaniladi. Yallig’lanishga qarshi steroid vositalar miokarditlar, o’tkir va surunkali nefritlar, gepatitlar va boshqalar ichki a’zolarning yallig’lanish kasalliklarini davolash uchun ishlatiladi. Glyukokortikoidlar dermatologiya (masalan, ekzema, dermatitlar, neyrodermitlar va boshqalarda mahalliy qo’llash uchun), oftalmologiya (keratit, kon’yunktivit, Irit, bleforit va boshqalar), Otorinolaringologiya (vazomotor va allergik rinitlar, tashqi eshitish yo’llari yallig’lanishi) amaliyotida qo’llaniladi.