YAMAYKA VALYUTA TIZIMI

YAMAYKA VALYUTA TIZIMI, Yamayka bitimi — 1976 yil yanvarda Kingston (Yamayka)da xalqaro valyuta fondi (XVF) a’zolari bo’lgan mamlakatlar vakillari kengashida tuzilgan bitimga muvofiq tashkil topgan va 1978 yil apreldan kuchga kirgan jahon valyuta tizimi. Yamayka bitimi XVF ustaviga o’zgarishlar kiritdi va ilgari Bretton-Vuds bitimi (1944) dan farq qiladigan (bu bitimga ko’ra XVF a’zolari bo’lgan mamlakatlar o’z valyutasi kursini dollarga yoki oltinga nisbatan belgilar edi) infratuzilma tamoyillarini bel- giladi. Birinchidan, oltinga va ikki zaxira valyuta — AQSh dollari va Buyuk Britaniya funt sterlingiga asoslangan oltin deviz standarti 1969 yildan amalga kiritilgan SDR (maxsus qarz olish huquqlari) standarti bilan almashtirildi va uning valyutalar paritetlari hamda valyutalar qursi asosini tashkil etishi belgilab qo’yildi. Uning shartli qiymati 5 valyuta (AQSh dollari, GFR markasi, Shveytsariya franki, Angliya funt sterlingi, Yaponiya ienasi)dan iborat valyuta savati bilan aniqlanadigan bo’ldi. Bu valyutalar XVF Ustaviga ko’ra, «erkin almashtiriladigan valyutalar» deb nomlandi. Ikkinchidan, Yamayka valyuta tizimi oltinning valyuta birliklari qiymati me’yori tarzidagi vazifasini, qog’oz pullarning oltin ta’minotini bekor qildi. Natijada oltinning qatiy baholari tugatildi va oltin jahon puli mavqeini yo’qotdi. Yamayka valyuta tizimi doirasida oltinning pul funktsiyalarini bajarishga barham berilgani qonunlashtirildi. Uchinchidan, banklarga oltinni xususiy bozorlarda shakllangan narxlarda erkin sotib olish va sotish imkoniyati berildi. Mamlakatlar o’rtasidagi valyuta munosabatlari ularning milliy pul birliklarining suzib yuruvchi («sirg’aluvchi») kurslariga asoslanadigan bo’ldi, ya’ni Yamayka valyuta tizimi har bir mamlakatga o’z valyuta kursi uchun istalgan rejimni tanlash huquqini berdi. Bu bilan suzuvchi valyuta kurslari rejimi qonunlashtirildi va mamlakatlar 1973 yil martidan shu rejimga o’tdilar. Valyuta kurslari tebranishlari asosiy 2 omil: valyutalarning ichki bozordagi xarid qobiliyatining Real qiymati nisbatlari bilan, ikkinchidan, xalqaro bozorlarda milliy valyutalarga bo’lgan talab va taklif nisbati bilan belgilanadigan bo’ldi. Bu nisbatlar kapitalning mamlakatlararo stixiyali oqib o’tishi natijasida o’zgarib turadi. Yamayka valyuta tizimining amal qilishi bir qator murakkab muammolarni keltirib chiqaradi. Yuridik jihatdan oltinning pul funktsiyasi bekor qilinganiga qaramay, u favqulodda jahon puli va ishonchli zaxira aktivi maqomini saqlab kelmoqda. Jahon bo’yicha Markaziy banklar va Xususiy tezavratorlar qo’lida 60 ming tonnadan ko’proq oltin alohida likvid Tovar sifatida saqlanadi.