YANGIBOZOR
YANGIBOZOR — Toshkent viloyati yuqori Chirchiq tumanidagi shaharcha (1973 yildan), tuman markazi. Viloyat markazi (Toshkent shahri) dan 35 kilometr. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Toshkent (35 kilometr). Yangibozor o’rtasidan Qorasuv kanali oqib o’tadi. Aholisi 13 ming kishi (2004). Non zavodi, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, MTP, qo’shma, kichik korxonalar, mikrofirmalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 3 umumiy ta’lim, bolalar musiqa, sport maktablari, kasb-hunar kollejlari mavjud. Tuman Markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, klub muassasalari, madaniyat va istirohat bog’i, stadion va boshqalar sport inshootlari ishlab turibdi. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Yangibozor — Toshkent yo’nalishida avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi.