YANTSZI
YANTSZI, Chantszyan, Yantsziszyan, ko’k Daryo — Yevrosiyo materigidagi eng uzun va sersuv Daryo, Xitoyda. Uzunligi 5800 kilometr, havzasining maydoni 1808,5 ming kilometr kvadrat. Tibet tog’ligidan, 5300 metr balandlikdagi muzliklardan boshlanadi va Delta hosil qilib (maydoni 80 ming kilometr kvadrat) Sharqiy Xitoy dengiziga quyiladi. SinaTibet tog’larida chuqur daralardan sharshara va ostonalar hosil qilib oqadi. Bu qismida oqim tezligi katta. Daryo o’rta oqimida Sichuan soyligi va burmali tizmalarni kesib o’tgan. Kengligi 300— 600 metr, daralardan o’tgan joyida 120— 200 metr, chuqurligi 80-110 metr. Quyi qismida Szyanxan tekisligi va Buyuk Xitoy tekisligining Janub qismidan oqadi. Bu qismida Daryo bir necha tarmoqlarga bo’linib, kengligi 2 kilometrgacha yetadi. O’zani qing’ir-qiyshiq, Orol va sayoz joylari ko’p. Asosiy irmoqlari: Yaluntszyan, Mintszyan, Szyalintszyan, Xanshuy. Daryo vodiysida ko’l ko’p. Duntinxu va Poyan- Xu ko’llari Daryo suvi oqimini tartibga solib turadi. O’rtacha suv sarfi 34 ming metr kub/sekund, rejimi mussonli, yoz oylarida tekislik qismida suv sathi 10 metrgacha qo’tariladi. Daryo quyilishidan 700 kilometr masofagacha dengiz suvi ko’tarilishi seziladi. Yantszi har yili uning suviga sarg’ish rang beruvchi 280-300 million tonna loyqa oqizib keltiradi (yevropaliklar bergan «Ko’k Daryo» nomi haqiqatga yaqin emas). Daryodan sholipoyalarni sug’orishda keng foydalaniladi. Suv taqsimlovchi inshootlar va suv omborlari qurilgan. Yantszi — Xitoyning eng muhim suv yo’li. Sinatibet tog’lari etagidan 2850 kilometr masofada kema qatnaydi. Uxan shahrigacha dengiz kemalari kira oladi. Daryo havzasidagi suv yo’llarining umumiy uzunligi 17 ming kilometr. Yantszi bo’yida Chuntsin, Uxan, Nankin, deltasida Shanxay shahrilari joylashgan.