YAQINDAN KO’RISH

YAQINDAN KO’RISH, miopiya ko’rish nuqsoni; bunda yaqindagi narsalar yaxshi, uzoqdagilar esa xira ko’rinadi. Homiladorlik davrida onaning turli infektsion kasalliklar (gripp va boshqalar), anemiya bilan og’rishi; yotib o’qishga odatlanish, qorong’ida yoki engashib uzoq vaqt ko’zga dam bermay o’qish va boshqalar yaqindan ko’rishga sabab bo’ladi. Yangi tug’ilgan bolalarda ko’z soqqasi kichkina bo’lib, bola 9-12 yashar bo’lganida u normal shaklni oladi. Ba’zan ko’z soqqasi uzunchoqlashib, Qorachiqdan to’r pardagacha bo’lgan masofa kattalashib ketadi. Bunda uzoqdagi shakllardan keladigan parallel nurlar ko’zdagi to’r pardaga yetmay, o’rta yo’lda sinib, fokusga yig’iladi, natijada ko’riladigan buyum shakli to’r pardada aniq aks etmay kishi uzoqni yaxshi ko’rmaydi. Yaqindan ko’rish uch darajaga bo’linadi: yengil — 3,0 D gacha, o’rta — 3,0 D dan 6,0 D gacha va kuchli — 6,0 D dan yuqori. Yaqindan ko’rish darajasi ko’zga taqiladigan ko’zoynakning nur sindirish kuchiga qarab aniqlanadi. Taqilgan ko’zoynak shishasi nurlarni sindirishi tufayli ko’rinadigan tasvir to’r pardaga tushadi. Yaqindan ko’rish ko’z pardalari (oqsilli, tomirli, to’r parda) va muskullarini toliqtiradi, ular cho’zilib, ko’zning optik o’qi uzunlashadi, natijada Yaqindan ko’rish zo’rayadi, bu ko’zning ko’rish qobiliyatini pasaytiradi. Yaqindan ko’rishning zo’rayishiga akkomodatsiya (ko’z gavharining dam qalinlashib, dam yupqalashish qobiliyati)ning ta’siri katta. Odatda, Yaqindan ko’rish ko’z akkomodatsiyasi susaygan odamlarda ko’proq kuzatiladi, u naslga ham bog’liq. Yaqindan ko’rishni kamaytirish, uni zo’raytirmaslik uchun dastlabki belgilariga ahamiyat berish kerak. Masalan, agar o’quvchi doskadagi yozuvni uzoqdan yaxshi ko’rmasa, kitobni engashib o’qisa, kino yoki teatrlarda oldingi qatorga o’tirishga harakat qilsa, tezda ko’z kasalliklari vrachiga murojaat qilishi lozim. Vrach o’quvchini yaxshilab tekshirgach, lozim topsa, unga ko’zoynak yoki kontaktli Linzadan foydalanishni tavsiya etadi. Yaqindan ko’rishning oldini olish uchun ko’z gigienasiga amal qilish, ko’zni toliqtirmaslik, uzoq vaqt yengashib turmaslik, boshni birdan qattiq egib yubormaslik lozim. Kuchli darajadagi Yaqindan ko’rishda vrach maslahatlariga amal qilish zarur.