YARMARKA

YARMARKA (nemischa — yillik bozor) — belgilangan joyda muayyan muddatlarda muntazam tashkil etiladigan Yirik bozor; sotuvga qo’yilgan tovarlar ko’rgazmasi. Yarmarkalarning asosiy maqsadi xaridorlarni tovarlar bilan vositachilarsiz, bevosita tanishtirish va ularning namunalar bo’yicha ulgurji va chakana savdosini uyushtirishdan iborat. Yarmarka mavjud, ishlab chiqariladigan va bozorga chiqarishga mo’ljallangan mahsulot to’g’risida axborot beradi. Yarmarka universal, ko’p tarmoqli va ixtisoslashgan bo’ladi (masalan, texnika, qishloq xo’jalik, xalq iste’moli mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqalar). Qatnashchilari tarkibi va qamrovi doirasiga ko’ra, jahon, xalqaro, mintaqaviy, milliy va mahalliy Yarmarkalar mavjud. Xalqaro Yarmarkalar (Leypsig, Parij, Vena, Toronto, Damashq va boshqalar) jahon savdosining rivojlanishiga, turli mamlakatlar o’rtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga, ishlab chiqarishning rivojlanishiga yordam beradi. Yarmarka savdoning alohida shakli sifatida birinchi marta milodiy 1-asrda Yaponiyada vudujga kelgan. Yevropada 10-asrdan ma’lum. 19-asrga kelib transport va savdoiqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi bilan Yarmarka yangi qiyofa oldi. Yarmarkalarda tovarlar namunalari ko’rgazmalari tashkil etilib savdo-sotiq tovar birjalaridagi kabi amalga oshirila boshladi. Bir qator shaharlar (masalan, Leypsig)da Yarmarkalar doimiy faoliyat ko’rsatadigan savdoko’rgazma markazlariga aylandi. 20-asr oxiri — 21-asr boshlariga kelib ya.larni o’tkazish yanada takomillashib, umumiy universal Yarmarkalardan tarmoq, aksariyat hollarda texnik va iste’mol tovarlari ya.lariga o’tish yuz berdi. Yarmarkalar ilmiy-texnika, axborot markazlariga aylanib, ularda ilmiy-texnika kongresslari va simpoziumlari o’tkaziladi. Masalan, Leypnig Yarmarkasi ishbilarmon doiralarning uchrashuv joyi bo’libgina qolmay, yirik xalqaro ilmiytexnika va iqtisodiy axborot markazi hisoblanadi. Yarmarkalar faoliyati 1925 yilda Parijda tashkil etilgan Xalqaro yarmarkalar uyushmasi tomonidan muvofiqlashtiriladi. O’rta Osiyoda vaqtvaqti bilan bo’ladigan katta savdo bozorlari qadimdan jamoat gavjum joylarda, xalq sayillarida o’tkazilib kelingan. Bunday bozorlarda savdogarlar asosan boshqa mamlakatlardan keltirgan mollarini sotganlar. Ilk o’rta asrlarda shaharlar, hunarmandchilik va savdo markazlari bo’lmagan joylarda Yarmarka ayirboshlash amalga oshadigan asosiy markaz bo’lgan. O’rta Osiyo va Rossiya o’rtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirishda 1643 yilda tashkil topgan Irbit (G’arbiy Sibir) Yarmarkasi, Qorako’l terilari sotilgan Buxoro Yarmarkasi muhim o’rinda turgan. Turkiston o’lkasida hozirgi ma’nodagi Yarmarka — ko’rgazma birinchi marta 1890 yilda Toshkentda o’tkazilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida paydo bo’lgan va O’rta Osiyoning G’arbiy Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarida muhim o’rin tutgan, asosan, chorva mollari sotilgan Qarqara (hozirgi Prjevalsk atroflarida) ya.sining savdo aylanmasi 1908 yilda 2 million rublni tashkil etgan. 1-jahon urushi boshlanganidan keyin Yarmarkalar faoliyati to’xtagan. O’zbekistonda xalq iste’moli tovarlari ulgurji savdosi bo’yicha birinchi Yarmarka 1952 yildaToshkent shahrida tashkil etildi va keyinchalik 21-asr boshlarida sanoat va qishloq xo’jalik mahsulotlari bilan ulgurji va chakana savdo qiladigan davlat va kooperativ tashkilotlar qatnashadigan magazin va pavilion tarmoqlari, umumiy ovqatlanish korxonalarini o’z ichiga oladigan mahalliy tusdagi Yarmarka tashkil etish yo’lga qo’yildi. O’zbekistonda O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tasarrufidagi «O’zekspomarkaz»da xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan turli savdo-sanoat Yarmarkalari va ko’rgazmalari o’tkaziladi. 1999 yilda tashkil etilgan «O’zko’rgazmasavdo» aktsiyadorlik jamiyati va uning viloyat markazlaridagi sho’ba korxonalari milliy, hududiy, mavzuli ko’rgazma Yarmarkalarini tashkil etish va o’tkazish, mamlakat xo’jalik sub’ekt- larining eksport salohiyatini, yangi texnologiyalarni tatbiq etish sohasidagi yutuqlarini namoyish etish va yarmarka qatnashchilariga turli xildagi maslahat, marketing va xo’jalik-maishiy xizmatlarni ko’rsatish va boshqalar bilan shug’ullanadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mahalliy tovarlar ishlab chiqarish va savdo majmui huzurida 2002 yilda Yarmarka Savdolari o’tkazish bo’yicha respublika kengashi tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasining asosiy savdo maydonlarida va viloyat sho’ba korxonalarida birjaga qo’yiladigan tovarlar ko’rgazmalari tashkil etilgan. Birjaning XXR Urumchi shahrida doimiy faoliyat ko’rsatadigan «O’zbekyarmarkasi» sho’ba korxonasi bor. J.Yo’ldoshev N . K ., O’rta Osiyoda bozor munosabatlari nazariyasi va amaliyoti, T., 1991. Nuriddin Yo’ldoshev.