YASSI

YASSI, yassi (asli — Saksi) — 1) Turkiston shahrining eski nomi. Bu haqda Mahmud ibn Vali (17-asr) «Bahr ulasror» («sirlar dengizi») asarida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: «Hozirgi Turkiston — bu Saksi shahri, avom xalq uni yassi deb ataydi». Arab Geograflarining yozishicha, Yassi o’rnida 10-asrda Shavg’ar shahri bo’lgan. 11 — 12-asrlarda Yassi nomi tarixiy manbalarda uchraydi. Amir Temur va temuriylar davrida qishloq (qar’ya). 1397 yil Sohibqiron Yassiga kelib Shayx Ahmad Yassaviy mozorini tavof qilgan va uning mozori ustiga maqbara solishni buyurgan. Maqbara 2 yilda qurib bitkazilgan. Sohibqiron Xitoyga yurish qilganida (1404 yil noyabr) qo’shinning amirzoda Sulton Husayn boshchiligidagi so’l qanoti Yassi va sabronda qishlaganlar. Dashti Qipchoq va Movarounnahr aholisi tomonidan muqaddas shahar sifatida e’zozlanib kelingan va Ahmad Yassaviyga nisbat berilib Hazrat, Turkiston, Turkiston ota kabi nomlar bilan ham atalib kelingan. 17-asr oxiri — 18-asrdan Yassi nomi manbalarda uchramaydi; 2) Farg’ona vodiysining sharqida joylashgan dovon va uning atrofidagi viloyat — yassi Dabon, yassi dovon, yassi viloyati. Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»sida yozilishicha, Sohibqiron 1376 yil erta bahorda Qamariddinta qarshi Mo’g’ulistonga yurish qilganida Yassi viloyati va dovonidan o’tgan.