YASUGAY BAHODIR

YASUGAY BAHODIR, Esugay Bahodir (? — taxminan 1168) — Mo’g’ulistondagi ko’chmanchi qabilalar Ittifoqidan birining rahbari. Chingizxonning otasi. Yasugay Bahodirning otasi — Bartan Bahodir, bobosi — Qobulxonlar ham qabila sardori bo’lishgan. Yasugay Bahodir kuchli totor qavmi bilan qattiq kurash olib borib, ular yurtini tobe ettirgan. Yasugay Bahodirning beshta o’g’li bo’lgan. Temuchin (Chingizxon), Jo’chi Qasar, Qachun, Tamuka, Bilgutoy o’tchikin. Yasugay Bahodir o’g’illari va urug’-aymog’ining aksariyati oq yuzli va qora ko’z bo’lishgan; mo’g’ullar qora ko’zli odamlarni burjigin deb atashgan. Shu tufayli Yasugay Bahodir urug’i burjigin — Qiyot (mo’g’ulcha Qiyot — kuchli, shiddatli) deb nom olgan. Yasugay Bahodir vafot etganda Chingizxon 13 yoshda, ukalari esa yanada yosh bo’lishgan. Ad.:Mirzo Ulug’bek, to’rt ulus tarixi, T., 1994; Abulg’oziy , Shajarayi turk, T, 1992.