YAXSHILIK VA YOMONLIK

YAXSHILIK VA YOMONLIK — axloqshunoslik fanining juft tushunchasi. Odamlarning xatti-harakatlariga, ijtimoiy hodisalarga berilgan ijobiy yoki salbiy bahoni ifodalaydi. Yaxshilik — eng muhim fazilat bo’lib, inson faoliyatining asl va azaliy mohiyatini anglatadi. U insonga kuchli ruhiy lazzat bag’ishlashi barobarida, uni shaxsga aylantiradigan haqiqiy baxtga olib boradi. Shuning uchun ham «ezgu (yaxshi) fikr», «ezgu (yaxshi) so’z», «ezgu (yaxshi) amal» tushunchalari Avestodan tortib, barcha muqaddas kitoblarda yetakchi o’rin egallagan. Yaxshilik insonning axloqiy va amaliy faoliyatida yuzaga chiqib, unda kamtarlik, ochiqko’ngillilik, mardlik, halollik, insoflilik, adolat, rostgo’nlik kabi fazilatlar mujassam bo’ladi. Yomonlik — yaxshilikning ziddi, shaxs va jamiyat taraqqiyotiga to’sqinlik qiluvchi illat. Yolg’onchilik, pastkashlik, munofikdik, behayolik, rahmsizlik, nomardlik, xiyonat kabi tushunchalarda namoyon bo’ladi. Diniy nuqtai nazardan yaxshilik ilohiy inoyat, yomonlik esa insondagi shaytoniy va hayvoniy xislatlarning ifodasi tarzida talqin qilinadi; yaxshilik ham, yomonlik ham insonning ixtiyor erkinligidan qay darajada foydalanishining oqibati sanaladi. Qur’onda yaxshilik qilish insonning tabiiy burchi ekani, Alloh insonga o’zining ne’matlari bilan ehson qilganidek, inson ham boshqalarga yaxshilik qilishi lozimligi ta’kidlanadi. Musulmonlar tasavvuriga ko’ra, odamlar bu dunyodagi yaxshi ishlari uchun narigi dunyoda mukofotini oladi, ya’ni huzur-halovatga muyassar bo’ladi, yomon ishlari uchun do’zax azobiga duchor etiladi. Qur’onda «Agar chiroyli amallar qilsangizlar — o’zlaringizga yaxshilik qilgan bo’lursizlar. Agar yomon, gunoh amallar qilsangizlar ham o’zlaringiz uchundir», deyiladi (17-sura, 7-oyat). Keyingi davrlarda Yaxshilik va Yomonlik inson o’z manfaatlarini himoya qilishda to’g’ri yoki noto’g’ri yo’l tutishi natijasida yuzaga keladi, degan fikr o’rtaga tashlandi. Mutafakkirlar yomonlikni inson hayotidan chiqarib tashlash uchun uni vujudga keltiruvchi ijtimoiy sharoitni yo’q qilish zarur deb ta’lim beradi. Yaxshilik va Yomonlik tushunchalari inson faoliyatini baholash xususiyatiga ega: uni insonning ulug’ligi yoki tubanligini o’lchaydigan muqaddas taroziga o’xshatish mumkin. Inson shaxsidagi yutuq va kamchiliklar, jamiyatning takomilga erishgan yoki erishmagani shu mezonlar bilan o’lchanadi. Qaysi jamiyatda yaxshilik ko’payib, yomonlik kamayib borsa, o’sha jamiyat axloqiy yuksaklikka, farovonlikka, taraqqiyotga tezroq erishadi; shaxsiy munosabatlarda xiyonat, g’azab, kibr, hasad, qasd, munofiqlik kabi illatlar asta-sekin yo’qolib, xushxulqlik, shirinsuxanlik, halollik, bag’rikenglik singari fazilatlar ko’proq o’rin egallab boradi, natijada jamiyatda yaxshilikning ustuvor bo’lishiga olib keladi. Abdulla Sher.