YAXTON VOLFRAM KONI

YAXTON VOLFRAM KONI — Samarqand viloyati Urgut tumanidagi kon. Urgut shahridan 10 kilometr shimolda joylashgan. Yaxton volfram koni hududida yana bir qancha mayda volfram konlari va namoyondalari (Choshtepa, Kamongaron, Zinak va Turangli) mavjud. Yaxton volfram koni Yaxton rudali maydonida ko’proq o’rganilgan va muhim ob’yektlardan hisoblanadi. Bu maydon yirik Xo’jadik—Avgayjuman gektonik zonasida mujassamlashgan. Konda vulkanogenterrigenli, tufogenkarbonatli, karbonatli va kremniy-karbonatli yotqiziqlar mavjud bo’lib, ularni intruziv hosilalar (granitoidli va ishqorbazaltli) majmuasi yorib chiqqan. Skarnlashgan metasomatik jinslar konning rudalarini o’zida qamrovchi asosiy minerallashgan hosilalar bo’lib, ular qatlamlararo chegara va chegaraoldi hamda shtokverksimon tanalar shaklida intruziv va cho’kindi jinslar kontakt zonalarida rivojlanadi. Ba’zida skarnlar cho’kindi tog’ jinslari orasida joylashib, chegaradan 150-200 metr uzoqlikda ham uchraydi. Konning asosiy zaxiralari skarnsheelitli shtokverk va shimoliy g’arbiy maydondagi qatlamlararo rudali jismlarda to’plangan. Ushbu maydondagi kontaktoldi skarnli zona 500-600 metr chuqurlikda bo’lib, 1000 metrga cho’zilgan. Skarnrudali jismlar qalinligi o’zgaruvchan bo’lib, 2-3 metrdan 20-25 metrgacha. Barcha skarnlar volfram, oltin, vismut, margimush hamda kumush, molibden, rux, qalayning yuqori kontsentrasiyasiga ega. Asosiy rudali mineral — sheelit; oltin esa, yo’ldosh komponent bo’lib hisoblanadi. Sulfidlardan, odatda, pirrotin, arsenopirit, pirit, xalkopirit, ba’zan galenit, sfalerit, vismutin uchraydi. Norudalardan albit, kvars, xlorit, serisit, piroksen va boshqalar mavjud.