YELLOUSTON MILLIY PARKI
YELLOUSTON MILLIY PARKI – AQShning shimoli-g’arbidagi qo’riqxona. Vayoming, Montana, Aydaxo Shtatlarida. Qoyali tog’larning o’rta qismida, balandligi 2200-2500 metr platoda joylashgan. Platoning atrofi balandligi 3000-3600 metrli tog’ tizmalari bilan o’ralgan. Maydoni 9000 kilometr kvadrat. Yellouston milliy parki — mamlakatdagi dastlabki qo’riqxona, 1872 yilda tashkil etilgan. Parkning 90% hududi igna bargli qalin o’rmon bilan qoplangan. Yellouston daryosida chuqurligi 360 metrgacha, uzunligi 20 kilometrli dara va balandligi 94 metrgacha bo’lgan sharsharalar bor, balchiq vulkani va ko’l ko’p, eng kattasi Yellouston ko’li (maydoni 139 kilometr kvadrat). 3 mingga yaqin geyzer bor. Yirik hayvonlardan qora ayiq (Baribal), qo’ng’ir ayiq (grizli), bug’u, ohu, antilopa, koyot, bizon va boshqalar, qushlarning 200 ga yaqin turi mavjud. Yellouston milliy parkining tabiati manzarali, yiliga 4,5 milliongacha turist keladi.