YER
YER (ishlab chiqarish vositasi sifatida) — mehnat jarayonining zaruriy moddiy shart-sharoiti va eng muhim ashyoviy omillaridan biri. Yer inson hayoti uchun zarur bo’lgan moddiy sharoitlar orasida tuproq qoplami, yer osti boyliklari, o’rmonlari, suvi bilan alohida ahamiyatga ega. Ishlab chiqarish jarayoniga kiritilgan Yerga jonli va buyumlashgan mehnat sarf etilishi bilan u ishlab chiqarish vositasi bo’lib qoladi. Ammo moddiy ishlab chiqarishdagi turli tarmoqlarning rivojlanishida Yerning iqtisodiy o’rni turlichadir. Undiruvchi sanoatda Yer jamiyat uchun zarur bo’lgan boyliklar qazib olinadigan xazina bo’lib xizmat qiladi. Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi Yer, tuproq unumdorligi, tabiiy, biologik jarayonlar bilan bevosita bog’liqdir. Qishloq xo’jalikda Yer mehnat jarayoni kechadigan umumiy sharoit va maydon bo’lishidan tashqari yana 2 muhim vazifani bajaradi: ishlab chiqarish jarayonida inson ta’sir ko’rsatadigan mehnat predmeti va inson o’zi yetishtiradigan qishloq xo’jalik o’simliklariga ta’sir ko’rsatishini ta’minlaydigan ishlab chiqarish qurolidir. Yer takror ishlab chiqarilmaydigan ishlab chiqarish vositasi bo’lib, geologik, iqlimiy va boshqa omillarga bog’liq. Ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish yo’li bilan yangi Yerlarni o’zlashtirib, qishloq xo’jalik uchun yaroqli Yerlarga aylantirish mumkin. Biroq uning ham nihoyasi bor. Yerning tabiiy chegaralanganligi undan intensiv foydalanish zarurligini taqozo qiladi. Yer o’rnini to’ldirib bo’lmaydigan ishlab chiqarish vositasiga mansub. Texnika bilan qurollanishning o’sishi va ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi darajasiga qarab qishloq xo’jalik Yerlarini ko’paytirish, ularning asosiy qismi — haydaladigan Yerlarning salmog’ini oshirish imkoniyati paydo bo’ladi. Ammo sanoatning rivojlanishi natijasida buning aksi — qishloq xo’jalik Yerlarning qishloq xo’jalik oborotidan chiqib ketish jarayoni ham yuz beradi. Har yili keng miqyosda sanoat, qurilish, transport ehtiyojlari uchun katta miqdorda Yer ajratiladi. Uning asosiy qismi qishloq xo’jalik Yerlari hissasiga to’g’ri keladi. Jamiyatda Yerdan qishloq xo’jalik maqsadlarida foydalanish yetakchi o’ringa qo’yiladi, chunki faqat qishloq xo’jalikda Yer asosiy ishlab chiqarish vositasidir. 21-asr boshida Yer kurrasida mavjud 13 milliardga Yer maydonidan 1,5 milliardga (quruqlikning taxminan 10%) haydalib, dehqonchilik qilinadi (1998). Insoniyatning dehqonchilik tarixida taxminan 2 milliard gektar unumdor Yerlar suv bostirilishi, sho’rlanishi, cho’lga aylanishi, qurilish ishlari olib borilishi tufayli yo’qotilgan. Hozir dunyo bo’yicha har yili 6-7 million gektar unumdor Yerlar qishloq xo’jalik tasarrufidan chiqib ketmoqda. Shu sababli olimlar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT ekologiyaga, ekinzor Yerlarni avaylash, tuproq unumdorligini saqlash kabi muammolarga katta e’tibor bermoqda. BMT 1990 yildan 22 aprelni Ona zaminga e’tibor, uni avaylab asrashga qaratilgan xalqaro yer sayyorasi kuni deb e’lon qildi va shu sana jahon miqyosida har yili keng nishonlanmoqda. O’rta Osiyo sharoitlarida yer fondining eng qimmatli muhim qismi — sug’oriladigan Yerlar. To’g’ri foydalanilganda beradigan mahsuloti bo’yicha 1 gektar sug’oriladigan yer 6-7 gektar lalmikor Yerga, 50 gektar baland tog’li va 100 gektar cho’l yayloviga teng. O’rta Osiyoda sug’oriladigan Yer maydonlarini kengaytirish imkoniyatlari hali ham katta. Melioratsiyalash, Yerdan ilmiy asoslarda to’g’ri foydalanish, uning unumdorligini oshirish xalq xo’jaligi masalalarini hal qilishda muhim ahamiyatga ega. O’rta Osiyo mintaqasida 6,8 million gektar atrofida sug’oriladigan Yer bor (Jahon bo’yicha 271432 ming gektar; 1998). Yerning iste’mol qiymatini yaratuvchi va ayni bir paytda uning mehnat predmeta va mehnat vositasi bo’lishini ta’minlaydigan asosiy xossasi — uning unumdorligi, ya’ni Yerning o’simliklarni o’sish uchun zarur bo’lgan oziq moddalar bilan ta’minlash xususiyatidir. Tuproq unumdorligi tabiiy va iqtisodiy unumdorlikka bo’linadi. Tabiiy unumdorlik — tuproqning boshlang’ich, imkoniyatdagi unumdorligi bo’lib, tuproqning fizik, kimyoviy, biologik xususiyatlari va iqlim sharoitlari bilan mustahkam aloqadorlikka ega. Tabiiy unumdorlikning potentsial imkoniyatlari mehnat predmeti sifatida tuproqqa ishlov berish bilan, insonning faoliyati natijasida yuzaga chiqadi. Mehnat ta’sirida Yerning tabiiy unumdorligi samarali yoki iqtisodiy unumdorlikka o’tadi, bunday unumdorlik ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasiga, fan va texnika taraqqiyotiga qarab o’zgarib boradi. Ishlab chiqarish qurollari va fan taraqqiyoti darajasining yuksalishi Yerning unumdorligini tobora oshirib borishga imkon beradi. Tuproq unumdorligining ortib borishi, ya’ni to’g’ri foydalanganda Yer sifatining yaxshilanishi ishlab chiqarish vositasi bo’lgan Yerning eng muhim o’ziga xos xususiyatidir. Shu sababli Yerdan oqilona foydalanish, Yer maydonlarini kengaytirmagan holda ishlab chiqarishni intensivlash qishloq xo’jalikni rivojlantirishni ta’minlaydigan bosh yo’nalish hisoblanadi. Ekinlar hosildorligi va chorva mahsuldorligining o’sib borishi ishlab chiqarish vositasi bo’lgan Yerning sifati yaxshilanishining bevosita isboti bo’la oladi. Yerga to’g’ri munosabatda bo’lish bir maydonning o’zidan mahsulot chiqishini — Max.suldorlikni tobora ko’paytirishni ta’minlaydi. Kelgusida qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirish ishlab chiqarish vositasi bo’lgan Yerning sifatini tobora yaxshilash hisobiga erishiladi. Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini intensivlash bo’yicha katta tadbirlar dasturi — mineral o’g’itlar qo’llash, meliorasiya, tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda dehqonchilik tizimini takomillashtirish xuddi shu masalaga yo’naltirilgan. Yerdan foydalanish samaradorligini o’stirishning omillaridan biri — yer fondidan har tomonlama va intensiv foydalanishga asoslangan to’g’ri xo’jalik yuritish tizimini joriy qilishdir. Shu sababli konkret tuproq va iqlim sharoitlari, Yerning meliorativ holatini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan almashlab ekishni joriy qilish muhim o’rinda turadi. Qishloq xo’jalik nazariyasi va amaliyoti ilmiy texnologiya tuproq unumdorligini tobora yaxshilash va ekinlar hosildorligini oshirishga keng imkoniyatlar yaratib bera olishini allaqachon isbot etgan. Yerning asosiy ishlab chiqarish vositasi sifatida o’ziga xos xususiyati dehqonchilikda ishlab chiqarish vaqti bilan ish davri (ya’ni ishlab chiqarish vositalarining asosiy qismidan, mehnat resurslaridan foydalanishning mavsumiyligi) o’rtasidagi uzilishni vujudga keltiradi. Ishlab chiqarish vositasi sifatida Yerga bo’lgan mulkchilik munosabatlari ishlab chiqarish (agrar munosabatlar) xarakterini belgilaydi. O’zbekistonda Yerga oid huquqiy munosabatlar 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi bilan tartibga solinadi. Yer munosabatlariga oid yagona davlat siyosatini amalga oshirish, Yer resurslarini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va Yer fondidan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasida 1998 yil 24 iyulda yer resurslari davlat qo’mitasi tashkil etildi. Yer umummilliy boylik bo’lib, O’zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanishni taqozo etadi va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Sulton Xolnazarov.