YER BALANSI

YER BALANSI — yer turlarining yerga egalik qiluvchi va yerdan foydalanuvchi xo’jaliklar, korxonalar, muassasalar, uyushmalar, qo’shma va kichik korxonalar, dehqon va fermer xo’jaliklari bo’yicha tarkibi, salmog’i, maydoni va sifat ko’rsatkichlari to’g’risidagi ma’lumotlar jamlangan hujjat. Yer balansida quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi: jami yer maydoni; Yer balansi tuzilgan yer egaligi yoki yerdan foydalanuvchiga oid bo’lmagan, lekin chegarasi qamrab olingan hududda joylashgan yerdan foydalanuvchi boshqa sub’yektlar yer maydoni, qishloq xo’jalik yerlari (haydaladigan yerlar, ko’p yillik daraxtzorlar, pichanzor va yaylov yerlar, partov yerlar); uning o’zgarish sabablari va huquqiy asosi; yerni qishloq xo’jalikga oid bo’lmagan maqsadlarga ajratish; yangi o’zlashtirilgan yerlar maydoni va boshqalar. Yer balansi tahlil qilish natijasida yer resurslaridan samarali foydalanishning istiqbol rejasi tuziladi. 1999 yildan O’zbekiston Respublikasida Yer balansi yer resurslarining holati to’g’risidagi milliy hisobot shaklida har yilning 1 yanvar holati bo’yicha xo’jaliklardagi yer tuzuvchi muhandis tomonidan tuziladi va tuman (shahar) yer resurslari xizmati boshlig’i tomonidan qabul qilinadi. Yer balansi viloyat va Respublika miqyosida jamlangan holda milliy hisobot shaklida Vazirlar Mahkamasida tasdiqlanadi. Qosimjon Rahmonov.