YER PO’STI GAZLARI

YER PO’STI GAZLARI – yer po’stida erkin, suv va neftda eritma, jinslarda (ayniqsa qazilma ko’mirlarda) sorbit (shimilgan) holatlarda uchraydigan gazlar. Yer geosferalarida sayyoraning markaziga tomon gazlarning miqdori ko’payib boradi. 1-2 kilometr chuqurliqda termokatalik yoki neft-gaz zonasi 7 kilometrga etgach, metan zonasi boshlanadi. Gaz hosil bo’lishi jarayonlarining mohiyatiga qarab Yer po’sti gazlarining 9 taga yaqin genetik turi farq qilinadi. Bularning eng muhimlari katagenetik, metamorfik, vulkanik, bio-kimyoviy, radioaktiv va havoda hosil bo’lgan gazlardir. Qolgan guruhlari (yadro reaktsiyasi gazlari, radiokimyoviy va er po’sti ostidagi gazlar) ikkinchi darajali gazlar. Katagenetik gazlar cho’kindi jinslarning chuqurlikka cho’kishi va ayni payta bosimning 100 dan 2000— 2500 atmosferagacha, temperaturaning 25-30° dan 250-300° gacha oshishi natijasida cho’kindi jinslardagi organik moddalarning tubdan o’zgarishidan hosil bo’ladi. Temperatura va bosimning yanada oshishi bilan metamorfik gazlar paydo bo’la boshlaydi. Katagenetik gazlarning asosiy tarkibi suv bug’lari, karbon (II) oksidi, metan, azot, ba’zan inert gazlar va uchuvchan xloridlardan iborat. Vulkan gazlari erning chuqur qismidan keladi va mantiyaning gazsizlanishi bilan bog’liq. Organik moddalarning bakteriologik parchalanishi va ba’zi mineral tuzlarning kayta tiklanishidan biokimyoviy gazlar hosil bo’ladi. Bularga metan va uning gomologlari (etan va boshqalar), karbon oksidi, vodorod sulfidi, azot, kislorod, goho vodorod va boshqalar kiradi. Radioaktiv gazlar radioaktiv elementlarning parchalanishidan tarkib topadi; bular geliy, toriy va boshqalardan iborat. Havoda hosil bo’lgan gazlarga er po’stining chuqur qismiga suvli eritmalar holida kirib borgan gazlar mansub. Bunday gazlarga azot, kislorod va inert gazlar (argon, Kripton va ksenon) kiradi. Kimyoviy tarkibiga ko’ra Yer po’sti gazlari uglevodorodli, azot va karbonat angidritlilarga bo’linadi. Yonuvchi (uglevodorodli) gazlarning g’oyat katta massalari yer osti suvlarida erigan va asosan molekulyar eritma holida bo’ladi. Masalan, azot NH4, NO2, NO3 shaklida. Uglevodorodli gazlarning ko’p qismi tarqoq cho’kindi jinslar va qazilma ko’mirlar tarkibida ham organik moddalar bilan bog’liq. 1960 yilda Yaponiyada gazning 30% yer osti suvlaridan olingan. Biokimyoviy jarayonlar natijasida kislorodning yer yuzasida karbonat angidridiga aylanishi gaz hosil bo’lishining asosiy omili hisoblanadi. O’zbekistonda Qizilqumda 44 trillion metr kub, Qoraqumda (Ustyurt bilan birgalikda) 86 trillion metr kub uglevodorod gazi borligi aniqlangan. Abdulla Mavlonov.