YER SHO’RINI YUVISH

YER SHO’RINI YUVISH, sho’r yuvish, sho’rlangan tuproqlarni yuvish— tuproqdagi o’simlik uchun zararli tuzlarni eritib, tuproq-grunt O’zbekiston Respublikasi yer fondining toifalar bo’yicha taqsimoti (2001 yil 1 yanvar, ming gektar)ning yuqori qatlamlaridan quyiga va so’ng sho’ri yuviladigan maydon tashqarisiga chiqarib yuborish; melioratsiya tadbirlaridan biri. O’zbekistoida sho’r va sho’rlanishga duchor bo’lgan yerlarni suv bilan yuvib o’zlashtirishni birinchi marta A. Middendorf, keyinchalik V. V. Dokuchaev, M.M. Bushuev, N. A. Dimo nazariy asoslab berdilar. Sho’ri yuviladigan maydon yuzasiga berilgan suvda tuproq zarrachalaridagi tuz kristallari eriydi. Hosil bo’lgan eritmani shimilishda davom etayotgan suv o’z harakati bilan tuproqning pastki qatlamlariga olib tushadi va shunday qilib, tuproqning o’simlik ildizi tarqaladigan qismi zararli tuzlardan tozalanadi. Yer sho’rini yuvish kapital (yerlarni o’zlashtirish davrida o’tkaziladi) va ekspluatatsion yoki profilaktik (joriy) turlarga bo’linadi. Kapital sho’r yuvishda aerasiya zonasidagi tuproqgrunt qatlamini kerakli chuqurlikda (2,5—3,0 metr) va grunt suvlarning 3-4 metrdan kam bo’lmagan yuqori qatlamini sho’rsizlantirish maqsadida o’tkaziladi. Asosan qadimdan sug’oriladigan zonalardagi juda sho’rlangan partov (qo’riq va bo’z uchastkalarni yoki yangi sug’oriladigan maydonlardagi shu kabi sho’rlangan) erlarni o’zlashtirishda qo’llaniladi. O’zlashtirish suvi katta normalar bilan o’tkaziladi (10-25 ming metr kub/gektar). Kuchli sho’rlangan, mexanik tarkibi og’ir, vertikal suv ayirboshlashni qiyinlashtiradigan, qatlamli tuzilishga ega bo’lgan tuproqlarni o’zlashtirish kuzqish yoki erta bahorda 2-3 mavsumga cho’zilishi mumkin. Bir mavsumning o’zida katta sho’r yuvish normasi (5-10 ming m3/ga). 5-12 sutkalik oraliq bilan, ilgari taxminan 20 santimetr qalinlikda berilgan suv to’liq shimilganidan keyin 2,5 — 3,0 ming m3/ga miqdorda bo’lib-bo’lib yoki egatlar bo’ylab uzluksiz oqizib beriladi. Ba’zan Yer sho’rini yuvishda tuproqning filtratsiya xususiyatiga qarab bir-biridan 15-25 metr uzoqlikda, chuqurligi 1,2—1,8 metr bo’lgan zovur-suv quyigichlar ochiladi. Suv berish 1,5—2 metr qalinlikdagi tuproq-grunt qatlami to’la chuchuklanguniga qadar davom ettiriladi. Kapital sho’r yuvish turlaridan biri sholi ekib sho’r yuvishdir. Umumiy 20-30 ming m3/ga normada kapital sho’r yuvish tuproq-gruntning suv-fizik xossalariga va hududning drenaj qilinganligiga qarab 3-4 oy vaqt kerak bo’ladi. Ekspluatatsion yoki profilaktik (joriy) Yer sho’rini yuvish dalalar ekindan bo’shagan davrda amalga oshiriladi va tuproq-gruntning yuqori qatlamini mavsum davomida to’plangan tuzlardan tozalash uchun o’tkaziladi. Shunday sho’r yuvishlarni bir necha yil davomida uzluksiz o’tkazish natijasida tuproqni sho’rsizlantirishta erishiladi. Bunday usul kapital sho’r yuvishga nisbatan yerlarni qishloq xo’jalik oborotidan chiqarish, qo’shimcha drenaj qilish va sug’orish tarmog’ini kuchaytirish yoki qayta qurishni talab qilmaydi. Ayrim hollarda joriy sho’r yuvishni tuproqda nam jamg’arish uchun o’tkaziladigan suv berish — yaxob ham bajaradi. Sug’orma dehqonchilik zonalarida ekspluatatsion sho’r yuvish kuzqish faslida 3-4, ayrim erlarda esa 6-8 ming m3/ga umumiy normada, 6-8 kun oralatib, 2-3 marta suv berish yo’li bilan o’tkaziladi. Atmosfera yog’inlari ko’p (250 mm) yerlarda profilaktik sho’r yuvishni kuzqish davrida o’tkazish maqsadiga muvofiqdir. Yog’inlar kam tushadigan mintaqalar (Xorazm, Qoraqalpog’iston)da yerlarni kuzda (noyabr) 2-3 marta va albatta ekish oldidan qo’shimcha (Fevral—mart) yuvish tavsiya etiladi. Kam sho’rlangan va mexanik tarkibi yengil tuproqlarda faqat bahorgi yuvish bilan cheklanish mumkin. Bunday suv ayni vaqtda yaxob vazifasini ham bajaradi. Ad.: Mirzayev A., Sug’orish va zax qochirish melioratsiyasi, T., 1979; Osvoenie zasolennix oroshaemix pochv i oxrana pochvennogo Pokrova, M., 1980; nakoplenie i vimivanie soley iz ostrukturennix pochv, M., 1984. Obid Ramazonov, Qosimjon Rahmonov.