YER TEKISLAGICHLAR

YER TEKISLAGICHLAR – o’zlashtiriladigan yerlarni va ekin ekiladigan dalalarni ekin ekish va sug’orish uchun qulay holatga keltirib tekislaydigan qishloq xo’jalik mashinalari; uzun ramali, cho’michli va ag’dargichli xillari bor. Uzun ramali Yer tekislagichlar traktorlarga tirkab ishlatiladi. Cho’michli Yer tekislagichlar dalalarni uzil-kesil tekislashda qo’llaniladi. Ish organi oldi, usti va tubi ochiq cho’mich kovshdan iborat. U ramaga mahkamlanadi. Cho’michning quyi qismiga do’ngliklarni kesuvchi pichoq o’rnatilgan. Yer tekislagichlarda cho’michni ma’lum balandlikka o’rnatadigan mexanizm bor. Yer tekislagichlar harakatlanganda cho’mich 20 santimetrgacha bo’lgan do’ngliklarni kesib, pastqam joylarga surib tekislaydi. Yer tekislagichlar gidravlik mexanizm va lazer nurlari bilan ishlaydigan avtomatik rostlash mexanizmlari bilan rostlanadi. Ag’dargichli Yer tekislagichlar ekin ekish oldidan tuproqqa ishlov berish uchun xizmat qiladi; ish organi harakat yo’nalishiga nisbatan bir oz qiya o’rnatilgan bir yoki bir nechta yassi yoki yoysimon ag’dargichlardan iborat. Bular 3 guruhga bo’linadi: yer tekislagich-mola, ekin ekish oldidan tuproqni tekislagich-yoygich va sudratma (volokusha)li Yer tekislagichlar sholi ekish uchun suv bostiriladigan dalalardagi notekisliklar 3 santimetr, egatdan sug’oriladigan dalalarda 5 santimetr, sun’iy yomg’irlatib sug’oriladigan dalalarda esa 10 santimetrdan oshmasligi lozim. Ag’dargichli Yer tekislagichlarning qamrov kengligi 6-8 metr. Yer tekislagichmolaning ish organi gidrosilindr yordamida old tomonga qiyalantirilganda tuproq notekisliklarni kesadi, orqaga qiyalantirilganda esa dala betini bir oz zichlaydi (molalaydi). Tekislagichyumshatkich tishli tirma (borona) bilan qo’shib ishlatiladi, u dala betini 10 santimetr chuqurlikda yumashatib, ketidan tekislab ketadi.