YERTOMIRLAR

YERTOMIRLAR — tog’ jinsi yoriqlarini to’ldirgan mineral jismlar. Ikki yo’nalishda cho’zilgan bo’ladi. Tog’ jinslaridagi yoriqlarning mineral moddalar bilan to’lishidan yoki yoriqlar bo’ylab mineral moddalarning tog’ jinsi bilan metasomatik o’rin almashinishidan hosil bo’ladi. Yertomirlar oddiy — yakka mineralli yoriqlar va murakkab — o’zaro chigallashib ketgan yoriqlar to’plami, maydalangan yoki slaneslashgan zonalar holida uchraydi. Tasbehsimon, to’rsimon, kamerali, linzasimon, shoxsimon, egarsimon, zinasimon, patsimon va boshqa xillari uchraydi. Atrof jinslar bilan bo’lgan aloqasiga ko’ra kesib o’tuvchi va qatlamli Yertomirlar bo’ladi. Yertomirlar uzunligi 1 kilometrdan 200 kilometrgacha (Kaliforniyadagi oltin rudali yertomir), chuqurligi 3 kilometrdan ziyod (Hindistondagi kolar konida). O’lchami va yotish sharoitiga ko’ra apofiza va tomirchalar shakllari farq qilinadi. Yertomirlar bilan ko’pchilik mineral xom ashyo konlari bog’liq (oltin, qo’rg’oshin-rux rudalari, volfram, simob va boshqalar). Yertomirlarning geologik va ishlanadigan ekspluatasiya qatlam qalinligi farq qilinadi.