YETTI MO’JIZA
YETTI MO’JIZA — qadimgi dunyoda mashhur bo’lgan me’morlik va haykaltaroshlik obidalari. Ulkanligi, katta mahorat bilan yaratilgani, jozibadorligi tufayli asrlar mobaynida «dunyoning etti mo»jizasi» hisoblangan: 1) Misr ehromlari — yo’nib tayyorlangan katta toshlardan piramida shaklida qurilgan qadimgi Misr fir’avnlarining maqbaralari (miloddan avvalgi 2-3-ming yilliklar). Ularning eng yirigi — Xeops ehromi (balandligi 146,6 metr, asosi 233X233 m) ning har biri 2,5 tonnalik 2300000 blok bilan (ba’zi qismlarida 30 tonnalik bloklar ham bor) 30 yil mobaynida qurilgan, go’rxonadan tashqari ikki qavatli ibodatxonasi ham bor; 2) «Semiramida osma bog’lari» — Ossuriya malikasi Semiramida (Shammuramat) Bobilga maxsus inshootlar qurdirib bunyod etgan (miloddan avvalgi 6-asr); 3) Rodos orolidagi Artemida ibodatxonasi (taxminan miloddan avvalgi 550 yil); 4) Zevsning Yunonistonning Olimpiya shahridagi ulkan haykali (taxminan miloddan avvalgi 430 yil, haykaltarosh Fidiy oltin va fil suyagidan ishlagan); 5) Rodos oroli ko’rfazidagi yunonlarning quyosh ma’budi Gelios haykali (taxminan miloddan avvalgi 292-280 yil, haykaltarosh Xaros misdan ishlagan); 6) Kariya shohi Mavsol (mavzoley uning nomidan) o’zi uchun qurgan Galikarnas (hozirgi Turkiya hududi)dagi maqbara — monument (taxminan miloddan avvalgi 377— 352 yil); 7) Iskandariya (Aleksandriya) shahridagi ulkan mayoq (taxminan miloddan avvalgi 280 yil, me’mori Sostrat). Yetti mo’jizadan faqat Misr exromlari deyarli butun holda saqlangan, ba’zilari (Artemida ibodatxonasi, Galikarnasdagi Mavsol maqbarasi)ning ayrim bo’laklaridan, qolganlari qadimgi yozma manbalardangina ma’lum.