YEVRO
YEVRO (Euro) — Yevropa Ittifoqi tarkibidagi Yevropa iqtisodiy va pul hamjamiyati a’zolari (Avstriya, Belgiya, Germaniya, Gretsiya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Finlyandiya va Frantsiya)ning pul birligi. Xalqaro ifodasi EUR. 1999 yil 1 yanvardan muomalaga chiqarilgan. 1e=100sent. 1999 yil 1 yanvardan 2002 yil 1 yanvarga qadar Yevro naqd pulsiz to’lovlarda ishlatildi, Yevro bilan bir qatorda bu mamlakatlarning milliy pul birliklari ham muomalada yurdi. Yevro muomalaga kiritilishi bilan ilgari shu mamlakatlar o’rtasida xalqaro to’lovlarda foydalanilgan EKYu muomaladan chiqarildi va ular EKYuning so’nggi qiymati (1998 yil 31 yanvar holati) bo’yicha Yevroga tengma-teng almashtirildi. Ayni paytda milliy pul birliklarining Yevroga nisbatan valyuta kurslari ham belgilandi (masalan, 1 E= 1,95583 nemis markasi; 1 E= 1936,27 italyan lirasi; 1 E.=200,482 portugal eskudosi va boshqalar; 1998, 31 dekabr). 2002 yil 1 yanvardan 5,10, 20, 50, 100, 200, 500 Yevro qog’oz banknotlari, 1,2 Yevro va 1, 2, 5, 10, 20, 50 tsentli tangalar muomalaga kiritildi (Yevropa iqtisodiy va pul hamjamiyatiga a’zo mamlakatlarning eski milliy pul birliklari muomalasi to’xtatildi). Xalqaro valyutalar kursi bo’yicha 1 AQSh dollari =1,13 Yevro, O’zbekiston Respublikasi milliy pul birligi — so’mga nisbatan 1 Yevro=599 so’m 01 tiyin (2002 yil Fevral). Akramjon Mirzaxolov.