YO’L-YO’L KITLAR

YO’L-YO’L KITLAR (Balaenopteidae) — kitlar turkumining bir oilasi. Tishsiz (mo’ylovli) kitlar kenja turkumiga mansub. Tomog’i va qornida tana bo’ylab uzunasiga ketgan 12 dan 114 tagacha teri burmalari (yullar) joylashgan (nomi shundan olingan). Kit og’zini ochganda teri burmalari yoyilib, og’iz bo’shlig’i kengayadi, bu esa ko’p oziq tutishga yordam beradi. Tanasining uzunligi 7,5 metrdan (kichik Yo’l-yo’l kitlar) 33,3 metrgacha (ko’k kit). 6 turi: ko’k kit, finval, seyval, Brayd, kichik va bukri kit turlari bor. Og’zining har tomonidan 270— 430 ta shox plastinka (kit mo’ylovlari) joylashgan. Ular yordamida Yo’l-yo’l kitlar suvdan mayda organizmlarni suzib oladi. Yo’l-yo’l kitlar barcha okeanlarda keng tarqalgan. 2-3 yoshida voyaga yetadi. Faslga qarab turar joyi o’zgarib turadi. Bo’g’ozlik davri bir yilcha. 2-2,5 yilda bitta bola tug’adi. Bolasi onasidan 4 marta kichik. Bolasini 8 oy emizadi. Bu kitlarning iqtisodiy ahamiyati katta. Masalan, 1 ta ko’k kit 20 t moy, 30-40 tonna go’sht, 1 tonna jigar va boshqa mahsulotlar beradi. Hozirgi Yo’l-yo’l kitlar soni keskin kamayib ketganligi tufayli ularni ovlash taqiqlangan.