YO’LDOSH NEFT GAZLARI

YO’LDOSH NEFT GAZLARI, yo’lakay neft gazlari — neft va gaz uglevodorodlaridan hosil bo’lgan mahsulotlar sifatida tabiatda doimo birga uchraydigan gazlar. Har qanday neft uyumida ma’lum bir miqdorda gaz miqdori mavjud va u qatlam sharoitida neftda erigan holatda bo’ladi. Neft yer yuzasiga chiqqan paytda u bilan birgalikda chiqadi. Qatlam neftidan ajraladigan va uning harakat yo’lida burg’i qudug’i og’zidagi asboblardan to neftni yig’uvchi punkt rezervuarlarigacha ajraladigan gazlarning umumiy miqdori potentsial gaz omili deb ataladi. Gaz omili qatlamda neftda erigan gaz miqdorini ifodalaydi va uning qatlamdagi miqdori zaxira sifatida hisoblanadi. Qatlamdagi gaz omilining miqdori va eriganlik darajasi qatlamning to’yinganlik bosimiga bog’liq. Demak, qatlamdan olinayotgan neft er yuziga chiqqach, gazsiz neft va neft gaziga ajraladi. Neft bilan chiqadigan yo’ldosh neft gazlarining 1 tonna neftga to’g’ri keladigan miqdori bir necha metr kubdan bir necha yuz kubometrgacha borishi mumkin. Bu miqdor neftning fizik xossalariga, qatlamning joylashish sharoitlari va rejimiga, qatlam bosimi va temperaturasiga hatto yil fasliga ham bog’liq holda metan, etan, propan, Butan, pentan va geksan gazlaridan tashkil topgan bo’ladi (yozda yo’ldosh neft gazlari miqdori nisbatan ko’proq). Yo’ldosh neft gazlari tarkibi, asosan, to’yingan uglevodorodlardan iborat. Aksariyat hollarda, bu gaz metan va etandan iborat bo’lib, og’ir gazlar kam uchraydi va ularning miqdori ham kam. Gazlar neftdan trap (neftni gazdan ajratadigan asbob) yordamida ajratiladi va burg’i qudug’idan quvur orqali olib ketilib, yoqib yuboriladi. Bu isrofgarchilikka va ekologiya muvozanatining buzilishiga sabab bo’ladi. Yo’ldosh neft gazlarni kon bo’yicha yig’ib, undan foydalanish maqsadga muvofiq.