YO’LDOSHEV BAHODIR TURSUNOVICH

YO’LDOSHEV BAHODIR TURSUNOVICH (1945.7.9, Kattaqo’rg’on shahri) — rejissyor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1979), O’zbekiston xalq artisti (1995). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1970). Hamza teatrida rejissyor assistenti (1968-70), rejissyor (1970-74), bosh rejissyor (1974-84). 1984 yildan Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrining bosh rejissyori. Eng yaxshi spektakllari: «ro’yxatlarda yo’q» (B. Vasilev), «Kelinlar qo’zg’oloni», «Farmonbibi arazladi» (S. Ahmad), «Nodirabegim» (T. To’la), «Yulduzli tunlar» (P. Qodirov), «Zebunniso» (uyg’un), «Maysaraning ishi» (Hamza), «qora kamar» (Sh. Xolmirzaev), «Iskandar» (A. Navoiy), «Arshin mol olon» (U. Hojibekov), «Malika» (Fotima Galer), «Buyuk ipak yo’li» (M. Bafoev musiqasi asosida), «Buxoroyi sharif» (S. Ayniy asari asosida), «tog’a-jiyanlar» (R. Bobojon) va boshqalar. Bir qancha boshqa teatrlarda ham spektakllar qo’ygan: Muqimiy teatrida «Nodirabegim», Laos teatrida «Kelinlar qo’zg’oloni», AQShda «dunyo yoshlari», Konibodom teatrida «Sudxo’rning o’limi», Sirdaryo teatrida «dardimni kimga aytay», «Ma’mura kampir», Samarqand teatrida «Nodirabegim», «Checha», «Buyuk ipak yo’li», Navoiy teatrida «Alisher Navoiy» operasi va b. U shuningdek, mamlakatning turli sanalariga bag’ishlangan bayram tomoshalarini sahnalashtirgan: «Ulug’bek yubileyi» (1994), «Navro’z» (1995), «Amir Temur yubileyi» (1996, Registon), «Sharq taronalari» (1997) va b. shular jumlasidan. Kinoda aktyor sifatida Olchinbek («Olovli yo’llar»), Muxtorov («togdagi uchrashuv»), Sherzod («olmos kamar»), Sobirov («oshpaz») kabi obrazlar yaratgan. Uning spektakllari har bir vokeaning, epizodning mohiyatini ifodalashga qodir sahna vositalariga boyligi bilan, tasviriy vositalar, musiqa, plastikaning murakkab ohangdoshligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, yangi sahna shakllarini topish, davr mavzusi, g’oyalari, xarakter, o’zbek teatri an’analarini unutmagan holda jahon teatri jarayoni kengliklariga chiqishga intilish, bugungi kun uchun dolzarb bo’lgan mavzuni hozirjavoblik bilan sahnaga olib chiqish Yo’ldoshev ijodiga xos. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).