YO’LO’TAN

YO’LO’TAN —Turkmanistonning Mari viloyatidagi shahar (1939 yildan). Yo’lo’tan tumani markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Murg’ob daryosining quyi oqimida, Mari shahridan 61 kilometr Janubda, Mari — Sarhadobod yo’nalishidagi temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 27 ming kishi (1999). Yo’lo’tan 1939 yilgacha temir yo’l stantsiyasi yonidagi aholisi, asosan, savdo-sotiq bilan shug’ullanadigan qishloq bo’lgan. 1940-60 yillarida Yo’lo’tan yaqinida Sariyozi suv ombori qurilgan. Shaharda paxta tozalash zavodi, trikotaj, ip yigiruv fabrikalari, sut zavodi, mol fermalari bor. Paxta urug’chiligi va selektsiyasi bo’yicha ilmiy tadqiqot instituti faoliyat ko’rsatadi. 6 umumiy ta’lim maktabi, kutubxona, madaniyat va istirohat bog’i, Markaziy kasalxona, maishiy xizmat ko’rsatish va savdo shoxobchalari bor.