YOMON JAROHAT
YOMON JAROHAT, -Borovskiy kasalligi, Toshkent yarasi, Qo’qon yarasi — leyshmaniozning bir xili, teri leyshmaniozi. Infektsiyani tarqatuvchi iskabtoparlar bor joyda — Yevropaning O’rta dengiz bo’yidagi mamlakatlarida, Shimoliy Afrikada. Kichik va Janubiy Osiyo mamlakatlarida, shuningdek, Turkmaniston, Tojikiston va O’zbekistonda uchraydi. Leyshmaniya yuqqan iskabtopar badanni chaqib, g’udda (do’mbog’cha) qiladi, keyin bu g’udda yaraga aylanadi. Yomon jarohatning ikki xili uchraydi: 1) shaharga xos xili (quruq xili, Ashxobod yarasi) — yashirin davri 6-8 oy, kasallik 8-12 oy (ba’zan ortiq) davom etadi; infektsiya bemordan tarqaladi; 2) cho’lga yoki qishlokda xos xili (ho’l xili, Pendi yarasi) — yashirin davri 10-12 kun, kasallik 2-4 oy davom etadi. Infektsiya leyshmaniya yuqqan kemiruvchi hayvonlar (kum sichqon, yumronqoziq va boshqalar) dan, shuningdek, kasal kishilardan tarqaladi. Yomon jarohat bo’lib o’tgan organizmda mustaxkam immunitet vujudga keladi. Yomon jarohat g’uddaligida davolanmasa, yara bitgach, o’rni chandiq bo’lib qoladi. Oldini olish. Uyjoy atrofidagi kemiruvchilar, ularning uyasi va iskabtoparlarni yo’qotish, pashshaxona tutish, repellentlar (hasharotlardan saqlanish uchun badanning ochiq joylariga surtiladigan va kiyim-boshlarga purkaladigan kimyoviy moddalar) dan foydalanish tavsiya etiladi. Yomon jarohat tarqalgan joyga ko’chib keluvchilar ehtiyotdan emlanadi, natijada Yomon jarohatning shahar va qishloq xiliga qarshi immunitet tez vujudga keladi. Yomon jarohat hozir deyarli yo’qotilgan.