YOR-YOR
YOR-YOR — nikoh to’yi marosimlari jarayonida aytiladigan xalq qo’shig’i. Qadim zamonlardan o’zbek, tojik, uyg’ur va turkman xalqlari orasida keng tarqalgan. Ikkilik yoki to’rtlik shaklidagi termalardan iborat bo’lib, har bandning oxiri, ba’zan o’rtasida «yor-yor, aylanaman» kabi so’zlar qo’shib aytiladi. Odatda, doira jo’rligida, kelinni kuzatayotgan ayollar tomonidan, Farg’ona vodiysi (Farg’ona, O’sh, Xo’jand) va Zarafshon vohasida kelinnikiga ketayotgan yigitlar tomonidan ham ijro etiladi. Yoryorda kelinning xususiyatlari, uning hayoti, orzu-istaklari, yaxshi tilak va qutlovlari kuylanadi. Yor-yorlarning favqulodda ta’sirchanligi ularda bir vaqtning o’zida ham mungli yig’i (ohangida), ham bayramona shodiyonalik (usulda) kayfiyatlari mujassam etilganligidadir. Xalq yor-yorlari ta’sirida yozma adabiyotda ham yor-yorlar yaratilgan. Navoiyning «Mezon ul-avzon», Boburning «Mufassal» asarlaridagi yor-yor matnlari teranligi va jozibadorligi bilan ajralib turadi. O’zbekiston viloyatlari (Buxoro, Farg’ona, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va boshqalar) ning yor-yorlari o’ziga xos xususiyatlarga ega. Kuylari mungli, jozibali, o’ynoqi, mazmuni lirik, hajv, madhiya ham bo’lishi mumkin. Yor-yorlar turli folklor-etnografik ansambllar repertuaridan, o’zbek bastakor va kompozitorlari ijodidan ham salmoqli o’rin olgan.