YORDAMCHI XO’JALIKLAR

YORDAMCHI XO’JALIKLAR — korxona va tashkilotlarning asosiy faoliyatiga bevosita bog’liq bo’lmagan, lekin ularning ichki ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etiladigan qo’shimcha tarkibiy xo’jalik yuritish bo’linmasi. Yordamchi xo’jaliklar tashkil etishning muhim talablaridan biri korxonaning asosiy faoliyati natijasida u yoki bu qo’shimcha mahsulot yoki buyum ishlab chiqarishga kerakli bo’lgan chiqit va shunga o’xshash resurslarning yetarli mikdorda doimiy mavjud bo’lishidir. Yordamchi xo’jaliklarda asosan korxonaning o’z ishchi-xodimlari ishlaydilar. Noqishloq xo’jalik korxona va tashkilotlar tarkibida Yordamchi xo’jaliklar ko’p hollarda asosan o’z ishchi-xodimlarini qishloq xo’jalik mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida tashkil etiladi. Ishlab chiqarilgan sabzavot, meva, uzum, go’sht, sut va boshqa mahsulotlar korxonaning oshxonasi, bog’chasi, dam olish uylariga beriladi va ayrim hollarda maxsus magazinlari orqali ishchi-xodimlarga arzon narxlarda sotiladi. Umuman iste’mol tovarlarini ko’paytirish, korxona va tashkilotlarning ichki resurslaridan to’liq foydalanishda Yordamchi xo’jaliklar muayyan ahamiyatga ega. Qurbon Choriyev.