YUAN SHIKAY

YUAN SHIKAY (1859.16.9, Syanchen uezdi, Xenan viloyati — 1916.6.6, Pekin) — Xitoy harbiy va siyosat arbobi. 1885-94 yillarda Koreyada noib. 90-yillarning 2-yarmida beyyan (shimol) armiyasida korpus komandiri. 1898 yil Kan Yuveyning islohotchilik harakatiga qo’shilgan, lekin tez orada ularga xiyonat qilgan. 1899-1901 yillarda Shandun viloyati gubernatori lavozimida Ixetuan qo’zg’olonini bostirishda faol qatnashgan. 1901-08 yillarda poytaxt Chjili viloyati noibi. 1909 yil iste’foga chiqarilgan. Sinxay inqilobi boshlangach, Tsin hukumati tomonidan bosh vazir etib tayinlangan (1911 yil 2 noyabr). Yuan Shikay inqilobchilar bilan monarxiya o’rtasida kelishuvchilik siyosatini yurgizgan. Tsin sulolasi hokimiyatdan voz kechgan paytda (1912 yil 12 Fevral) beyyan armiyasi va imperialistik davlatlar madadiga tayanib hamda inqilobchilar orasidagi kelishuvchilar, Ikkilanuvchilardan foydalangan holda mamlakat prezidenti bo’lgan. 1913 yil «ikkinchi inqilob»ni bostirgan Yuan Shikay Xitoyda harbiy diktatura o’rnatgan. 1915 yil mayda Yuan Shikay hukumati Xitoy uchun asoratli bo’lgan Yaponiyaning «yigirma bir talabi»ni qabul qilgan. 1915 yil dekabrda Yuan Shikay imperator bo’lmoqchi ekanligi haqidagi qarorni e’lon qilgan. Bu mamlakatda monarxiya tuzumiga qarshi keng xalq harakatini keltirib chiqargan. Mana shu harakat avjiga chiqqan paytda Yuan Shikay to’satdan vafot etgan.