YULDUZ XARITALARI

YULDUZ XARITALARI — yulduzlar osmoni yoki uning bir qismi xaritasi. Osmon qo’shni qismlari yoki ba’zi qismlarining yulduz xaritalari yulduz atlaslari deb ataladi. Yulduz xaritalari kerakli yulduzlarga teleskopni to’g’rilash, yulduz kataloglarida berilgan yulduzlarni osmonda yoki astrofotografiyada topish, Sayyora, kometa va o’zgaruvchan yulduzlarni ularning koordinatalariga asosan osmonda izlash uchun qo’llanadi. Yulduz xaritalaridan vizual kuzatish natijasida topilgan osmon jismlari (yer sun’iy yo’ldoshlari) ning taqribiy koordinatalarini aniklashda ham foydalaniladi. Yulduz xaritalari, odatda, ekvatorial koordinatalar sistemasida berilgan koordinata to’riga asoslanib tuziladi. Yulduz xaritalari osmonning shimol va Janub yarim sharlari uchun ular qo’lda chizilgan yoki suratga olingan bo’ladi. Eng qadimiy Yulduz xaritalari 13-asrda yaratilgan. Bundan oldin, asosan, yulduz globuslari qo’llanilgan. Yulduzlar, asosan, globuslarda turli shakllar yoki yunon hamda rimliklar mifologiyasidan qahramonlar (Persey, Gerkules va boshqalar), shuningdek, moddiy xo’jalik hayoti bilan bog’liq (qo’zi va boshqalar) nomlarda tasvirlangan. Bu shakllar yulduz turkumlari deb nomlanib, osmonning muayyan qismini egallagan. Astronomiya tarixida Bayer (1603), Geveliy (1690), Flemstida (1729) va boshqalarning yulduz atlaslari muhim ahamiyatga ega bo’lib, asosan, 6 vizual yulduz kattaligigacha bo’lgan yulduzlarni o’z ichiga oladi. 19-asrga kelib, fotografiyani astronomiyaga qo’llanishi tufayli Yulduz xaritalari osmonning fotosuratlari yordamida tuzila boshlandi. 20-asrda rus astronomi A. A. Mixaylov tuzgan 20 ta xaritadan iborat atlasi osmonning Janubiy va shimoliy yarim sharidagi 6,5 yulduz kattaligidagi barcha yulduzlarni o’z ichiga oladi. 1954-67 yillarda AQSh milliy geografik jamiyati bilan Palomar rasadxonasida yaratilgan fotosuratli atlas eng to’liq hisoblanadi. U 21 kattalikkacha bo’lgan 1 milliarddan ziyod yulduzni o’z ichiga oladi. Bu noyob atlasning bir nusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida saqlanadi. Qadimgi atlaslarda yulduz turkumlarining badiiy tasviri g’oyat chiroyli bo’lib, ulardan eng ajoyibi Yan Geveliyning atlas hisoblanadi (Gdansk shahri 1690). Bu atlas 1900 ta yulduzni o’z ichiga olgan 54 ta xaritadan iborat. Atlasning bir nusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronmiya institutida saqlanadi va u V. P. Shcheglov tahriri ostida 3 marta qayta nashr qilindi (1968, 1970 va 1978). Uchala nashrda ham Ulug’bek rasadxonasi tarixiga oid G’arb va Sharq olimlarining ilmiy maqolalari keng yoritilgan kirish maqolasi berilgan. Bundan tashqari, 3-nashrda yulduz to’dalari nomlarining kelib chiqishiga oid maqola ham bor. Atlasning matn qismi o’zbek, rus va ingliz tillarida bayon etilgan. Atlas 1977 yil Tokioda yapon tilida ham nashr qilindi.