YUNUSOV MAHMUDALI YUNUSOVICH

YUNUSOV MAHMUDALI YUNUSOVICH (1918.10.7 Toshkent —1985.9.10) — adabiyotshunos. Filologiya fanlari Doktori (1967). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1978). Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1941). O’rta maktab o’qituvchisi (1941-43), Urganch (1944-45), Buxoro (1947-50) pedagogika instituti va SamDU katta o’qituvchisi, dotsent (1951-59), Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida bo’lim mudiri (1967-72), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1959-67; 1973-85). Asosiy ilmiy ishi o’zbek she’riyatida traditsiya va novatorlik muammosiga bag’ishlangan. G’.Karimov, S.Qosimov, S.Aliyevlar bilan hamkorlikda «O’zbek adabiyoti tarixi» darsligini yaratgan (1950). Oliy o’quv yurtlari uchun «O’zbek adabiyotidan metodik qo’llanmalar»ni tuzgan (1955). «Komil Xorazmiy» (1960), «O’zbek poeziyasida Nekrasov tradisiyalari», «Traditsiya va novatorlik problemasi» (1965), «Barhayot an’analar» (1969), «Saxiy qalamlar» (1975) kitoblarida o’zbek adabiyotida kam o’rganilgan muhim masalalar ishlab chiqilgan. 4 kitobdan iborat sho’ro davri o’zbek adabiyoti tarixi (3 jildli, 1967-71), «Adabiyot nazariyasi» (2 jildli), 2 jildli tanqid tarixini yaratishda (1987) faol ishtirok etgan. Yunusov o’zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari (Navoiy, Munis, Furqat va boshqalar) ijodini o’rganish bilan birga 20-asr adabiyotida adabiy an’analar va novatorlik, mumtoz va hozirgi zamon she’riyatida ruboiy, adabiy tanqidning tili singari nazariy masalalarni tadqiq etgan. Elbek, Botu, Sh.Sulaymon kabi qatag’on etilgan yozuvchilar hayoti va ijodini birinchilardan bo’lib o’rgangan va ular nomini ro’yobga chiqarishga salmoqli hissa ko’shgan. As: hayot nafasi [adabiytanqidiy maqolalar], T, 1981; bolalar qalbining bayrami, T., 1984.