YUNUSXON MAQBARASI
YUNUSXON MAQBARASI — Toshkentdagi me’moriy yodgorlik (15-asr); Islom universiteti hududida joylashgan. Toshkent hokimi Yunusxon vafoti (1487) dan so’ng Shayxontohur qabristonida Yunusxonning o’g’li Ahmadxon (Olachaxon) tomonidan qurdirilgan deb taxmin etiladi, qurilish keyingi davrlarda ham davom ettirilgan. Maqbara to’rtburchak tarhli (21,2×22 metr), peshtoqgumbazli, katta xona (7×7 metr), ikki yonida qo’sh qavatli hujralardan iborat. Binoning tashqi gumbazi, peshtoq ravog’i (19-asrda) buzilib ketgan, bezaklari saqlanmagan, bino bir necha marta ta’mirlangan. Xonaqohning ichki qismiga ganchkori naqshlar, muqarnaslar ishlangan. 1970- yillarning oxirida Yunusxon maqbarasining vayron bo’lgan qismlari tiklandi; 1999-2005 yillarda ta’mirlandi.
YUNUSXON MAQBARASI — Xivadagi me’moriy yodgorlik (1559); Ichan qala tarkibida, Pahlavon Mahmud maqbarasi yonida. Maqbara to’rtburchak tarhli (7×13,5 metr), peshtoqgumbazli, go’rxona va ziyoratxona (4,5×4,5 metr) dan iborat. Xonalar bir-biridan ravoqlar yordamida ajratilgan. Ichki devorlariga yassi va keng hajmli ravoqlar ishlangan. Ziyoratxona orqali daxmali go’rxonaga kiriladi. Xonalar charxi gumbazlar bilan yopilgan. Ichki devorlarining gumbaz osti bag’ali, ravoqlarining g’ishtlari mavj usulida terilgan. Maqbara bezaksiz.