YUQORI KO’L

YUQORI KO’L — Buyuk ko’llar tarkibidagi ko’l, AQSh va Kanadada. Akvatoriyasining o’lchamlari bo’yicha dunyoda eng yirik chuchuk suvli ko’l. Maydoni 82,4 ming kilometr kvadrat. Uzunligi 613 kilometr, eni 256 kilometr. Eng chuqur joyi 393 metr (Buyuk ko’llar orasida eng chuqur). Sentmeris daryosi orqali Guron ko’liga oqadi. Sohilga yaqin qismi dekabrdan aprel oyigacha muzlaydi. Ko’ldan baliq ovlanadi. Milliy bog’lar tashkil etilgan. Yuqori ko’l Shimoliy Amerikaning ichki rayonlarini Atlantika okeani bilan bog’laydigan suv yo’lining muhim bo’g’ini. Muhim portlari: Dulut, Syupirior, Ashlend, Markett (AQSh), Tanderbey (Kanada).