YURAK POROKLARI
YURAK POROKLARI — yurakning anatomik tuzilishidagi turg’un nuqson, kamchilik va o’zgarishlar; normal qon oqimiga xalaqit beradi. Tug’ma va orttirilgan Yurak poroklari farq qilinadi. Tug’ma Yurak poroklari homila yuragi va yurak yirik tomirlarining embrional rivojlanish davrida noto’tri shakllanishi natijasida ro’y beradi. Homiladorlikning ilk davrida ona organizmining zaharlanishi, ba’zi kasalliklar bilan og’rishi, ionlovchi nurlarning biologik ta’siri, irsiy kasalliklar va hokazolar sabab bo’ladi. Go’daklik davrida (1 yoshgacha) yuraktomir sistemasining to’la rivojlanmay qolishi (mas, ochiq arterial yo’llar yoki oval teshikning bitmay qolishi) ham Yurak poroklariga kiradi.Tug’ma Yurak poroklarining ko’p uchraydigan turlari: katta va kichik qon aylanish doiralari o’rtasida har xil kombinasiyadagi anormal yo’llar, shuningdek, yurakning yirik tomirlari (masalan, o’pka arteriyasi va aorta)da toraygan yoki bitib qolgan joylar bo’lishi yoki shu tomirlarning noto’g’ri joylashuvi; aralash poroklar; yurak bo’lmachalar soni va tuzilishiga oid nuqsonlar. Arteriya va vena qonining qay daraja aralashib turishiga qarab ba’zi tug’ma Yurak poroklari tsianoz bilan (ko’k xildagi poroklar), ba’zilari tsianozsiz (oq xildagi poroklar) o’tadi. Bu qonning katta va kichik qon aylanish doiralarini tutashtiruvchi noo’rin teshiklar orqali qaysi tomonga oqib o’tishiga (shunt yo’nalishiga), o’pka arteriyasidagi bosimning ko’tarilishi darajasi va yurak muskullari holatiga bog’liq. Bolaning jismonan tuzuk rivojlanmasligi, rangparlik yoki ko’karib ketish, nafas siqishi, yurak hajmi va holatining o’zgarishi, yurakda shovqin eshitilishi va boshqalar tug’ma Yurak poroklariga xos belgilardir. Orttirilgan Yurak poroklari hayot davrida yurakning xastalanishi, aksari revmokardit, ba’zan ateroskleroz, septik endokardit, zaxm va hokazo kasalliklar oqibatida paydo bo’ladi. Orttirilgan Yurak poroklariga: yurak klapanlarining (yopilish vaqtida) zich berkilmasligi; bo’lmachaqorinchalar (o’ng va chap bo’lmachaqorinchalar) o’rtasidagi teshik yoki asosiy tomirlar chiqish joyining torayishi (stenozi); shu nuqsonlarning aralash bo’lishi, bir yoki bir necha klapanda baravar kamchilik bo’lishi va hokazolar kiradi. Yurakning mitral (chap bo’lmacha bilan qorincha o’rtasidagi teshik va ikki tavaqali klapan), aortal, mitralaortal va boshqalar poroklari farq qilinadi. Yurak poroklarida klapan nuqsonlari tufayli qon qisman orqaga qaytib tushadi yoki toraygan teshikdan zo’riqib o’tishi natijasida yurakning muskul devori qalinlashib (gipertrofiya), keyinchalik qisqarish kuchi susayadi, bo’shliqlari kengayadi (dilatasiya). Natijada qon aylanishi izdan chiqib — qon aylanishi etishmovchiligi sodir bo’ladi. Orttirilgan Yurak poroklari tez yoki uzoq vaqt davomida asta-sekin yuzaga keladi. Paydo bo’lgan illatning joyi, turi, darajasiga qarab kasallikning klinik belgilari turlicha namoyon bo’ladi. Ba’zan u uzoq vaqt hech qanday belgisiz kechishi ham mumkin. Homiladorlik, zotiljam, gripp, shuningdek, kuchli jismoniy zo’riqish va boshqalar kasallik belgilarining quchayishi va ro’yrost namoyon bo’lishiga olib keladi. Tomir urishining tezlashuvi, oyoqlarda shish, hansirash kabi yurak etishmovchiligi belgilari va yurakda shovqin paydo bo’lishi yurak porogi borligidan darak beradi. Yurak poroklarining klinik ko’rinishi porokning xususiyati, shuningdek, unga sababchi asosiy kasallikning kechishi, bemorning mehnat va dam olish rejimiga bog’liq. Vaqtida terapevtik va jarrohlik usulida davolash bemor ahvolini engillashtirib, umrini uzaytirish imkonini beradi. Davo vrachning ko’rsatmasi va uning doimiy kuzatuvi ostida olib boriladi. Yurak poroklarining ba’zi turlarida doridarmonlar, parhez bilan davolash yaxshi natija beradi. Shu sababli bemorni operatsiya qilish qilmaslikni mutaxassis vrach belgilaydi. Xirurgik davo Yurak poroklarini davolashning asosini tashkil qiladi. Oldini olish uchun Yurak poroklariga sabab bo’ladigan kasalliklarni o’z vaqtida davolash lozim. Ad.: Sulaymonov A.S. va boshqalar, Bolalar xirurgiyasi, T., 2000; Xaydarov G’.O, Ermatov Sh.X., Ichki kasalliklar, T., 2002. Mahmud Pirnazarov.