YUSUF

YUSUF — Qur’onda tilga olingan payg’ambarlardan biri. Rivoyatlarga ko’ra, Ya’qub payg’ambarning Rohila ismli xotinidan bo’lgan sevikli o’g’li. Bibliyada Iosif deb tilga olingan. Qur’onning 12-surasi Yusuf nomi bilan ataladi. Alloh Yusufga tushlar ta’birini aniq ayta olish qobiliyatini ato etdi. Naql qilishlaricha, Ya’qub o’z farzandlari orasida Yusufni ko’proq yaxshi ko’rar edi. Akalari unga hasad qilib Yusufni quduqqa tashlab yuboradilar, otalariga esa, Yu.ni dashtda bo’ri yeb ketdi, deb yolg’on gapiradilar. Karvonda ketayotganlar Yusufni quduqdan chiqarib misrlik katta amaldorga sotadilar. Amaldorning xotini Zulayho Yusufni sevib qolib yo’ldan urmoqchi bo’ladi. Yusuf zino qilishdan o’zini tiyadi, lekin Zulayho ig’vosi tufayli gunohsiz zindonga tashlanadi. Zindondagilarning va Misr hokimining tushi ta’birini to’g’ri aytib, u yerdan qutuladi. Davlat xazinasini saqlovchi lavozimiga tayinlanadi. Yusuf Misr taxtida adolat bilan hukm yurgiza boshladi. Zulayhoni o’z nikohiga oladi. Boshqa davlatlarda ocharchilik yuz berganda ham, Misr zaminida to’kinchilik bo’ladi. Ittifoqo Kan’on (hozirgi Livan) dan uning akalari don so’rab kelib qolib, Yusufni tanimaydilar. Yusuf bir puxta tadbir bilan ularni o’z xatogunohlariga iqror qiladi va otasi Ya’qubning qo’zlari ochilishiga sabab bo’ladi. Uni Misrga olib keladi. Islom an’anasida yu. chiroyli yigit sifatida tasvirlanadi. Qur’onda Alloh barcha ummatlari boshlariga tushgan baloqazolarga sabr-qanoat qilsa, ularni kulfatlardan xalos etib, saodatli kunlarga yetkazajagi uqtiriladi. O’rta asrlar musulmon sharqida yaratilgan ko’pchilik badiiy asarlarda yu. haqidagi rivoyatdan keng foydalanilgan