YUSUF XOS HOJIB
YUSUF XOS HOJIB (asl ismi Yusuf) (taxminan 1020/21, Bolosog’un — ?) — turkigo’y shoir, mutafakkir, davlat arbobi. «Qutadg’u bilig» dostoni muallifi. Uning hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar beruvchi yagona manba ham «Qutadg’u bilig» kitobidir. Ushbu kitobga ko’ra, u zamonasining barcha asosiy ilmlarini atroflicha o’rgangan, Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Mahmud Koshg’ariy kabi turkiy tilning mavqeini oshirish, uning madaniyadabiy hayotdan o’ziga munosib o’rin egallashi uchun kurashgan. Yusuf xos Hojibning «Qutadg’u bilig» («Saodatga yo’llovchi bilim», 1069-70) asari Islomiy turkiy adabiyotni boshlabgina bermay, uni yangi taraqqiyot bosqichiga ham ko’tardi. U nafaqat turkiy xalqlar adabiyoti an’analari, balki qardosh xalqlar, jumladan, forsiy adabiyot tajribalarini ham ijodiy o’zlashtirgan holda yaratilgan. «Shohnoma» kabi mutaqorib vaznida yozilgan va «turkiy Shohnoma» nomi bilan shuhrat qozongan (73 bob, 6520 bayt va to’rtliklardan iborat). «Qutadg’u bilig» — 11-asr so’z san’atining nodir namunasi bo’lib, unda o’z davrining ilg’or ijtmoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odat va an’analari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil ma’lumot berilgan. Yusuf xos Hojib uni Bolosog’unda boshlab, Qashqarda yozib tugatgan va qoraxoniy hukmdor Tavg’och Bug’roxonga takdim etgan. Bug’roxon muallifni taqdirlab, unga «xos Hojib» («eshik og’asi») unvonini bergan. Shundan keyin shoir «Yusuf Xos Hojib» nomi bilan mashhur bo’lgan. Lekin dostonning oxiridagi shikoyat ohanglariga qaraganda, shoir umrining oxiri bu davlatning tanazzuli davriga to’g’ri kelgan, shunga muvofiq hayoti ham og’ir kechgan. Shoirning Qashqardagi maqbarasi ziyoratgohga aylangan. As: Qutadg’u bilig, T., 1971; 1990. Ad.: Mallaev N., O’zbek adabiyoti tarixi, T., 1976; Buyuk siymolar, allomalar, 1-kitob, T., 1995; Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999.