YUSUFJON QIZIQ SHAKARJONOV

YUSUFJON QIZIQ SHAKARJONOV (1869 — Marg’ilon — 1959.9.6) o’zbek an’anaviy teatrining yirik namoyandasi, raqs san’ati ustasi. O’zbekiston xalq artisti (1941). 1881-88 yillarda Zokirjon qiziq boshliq qo’qonlik qiziqchilar to’dasida bevosita Sa’di Maxsumdan ta’lim oladi. 1888-92 yillarda to’da bilan butun Farg’ona vodiysini aylanib chiqadi. Orachora «Chodir xayol» qo’g’irchoq teatrida korfarmon bo’lib ishlaydi, xalq to’ylari, sayillarida, xorijdan kelgan tsirk uyushmalari tarkibida qiziqchilik tomoshalari ko’rsatadi. Muqallidda, hajviy, bo’rttirma obraz yaratishda, kulkihikoyada, askiyada Yusufjon qiziqga bas keladigani bo’lmagan. To’dalarda korfarmonlik qilgan, bilganlarini yosh qiziqchi va raqqoslarga o’rgatgan. Yusufjon qiziqning jahongashtaligi tufayli Farg’ona qiziqchiligi bir qator mamlakatlarda namoyish etilgan. 1903 yilda u Said qissaxonga qo’shilib, Buxoroga boradi. 1904 yilda Toshkentda Mullaboy Mansurov tsirkida ortiq qiziq, Sobir qori, qodir qiziq, Karim Zaripovlar bilan birga Samarqand, Farg’ona vodiysida, so’ngra Turkiston, Avliyoota, Pishpakda bo’lib, o’zbek qiziqchiligi, xalq raqslarini namoyish etadi. 1905 yilda shu truppa tarkibida Qashqarda «Kelin tushirdi», «Mamayusuf», «Bola o’qitish», «Surat ko’rsatish», «Shayton», «O’lik sotdi» kabi komediyalarni ijro etishda rahbarlik qiladi. 1906 yil Marg’ilonda qiziqchilar to’dasini tuzadi. 1908 yil Yusufjon qiziq to’dasi (36 kishidan iborat) Farg’ona shahrida tashkil etilgan o’ziga xos ko’rik-tanlovda qatnashadi. O’sha yili Yusufjon qiziq Abdurahmon Rahmonov (1870-1929) tsirk uyushmasi bilan Buxoroga boradi. 1909 yil Sankt-Peterburgga kelib rus baletini ko’radi, tsirkda kloun Anatoliy Durov bilan tanishadi. Yusufjon qiziq 1908-14 yillarda Filipp Yupatovning Andijon va Toshkentdagi chodir tsirkida Ashir qiziq, Nazir qiziq bilan qiziqchilik qilgan. 1914 yil Rahmon Abduxalilovning milliy tsirk uyushmasida ortiq qiziq, Sobir qori, Muhammad chaqqon, qodir qiziqlar bilan birgalikda «Pul qistash», «Qalandarlik», «Sarkorlik» komediyalarini ijro etgan. Jadidlar ta’sirida G’arb uslubidagi yangi teatrga qiziqib,»Bola o’qitish», «Mudarris» singari an’anaviy komediyalarni qayta ishlab, to’y va bayramlarda namoyish etadi. 1918 yil Marg’ilonda qiziqchilar to’dasini yangitdan tuzadi. Unda Usmonqori Rayimbekov, Sulaymon Mirzarahimov degan qiziqchilar, Mamatbuva xofiz, Xudoybergan Hofiz, Otaxo’ja raqqos, doirachi usta olim Komilovlar faoliyat qo’rsatishgan. Otaxo’ja raqqos bilan «Kema o’yin»ni tiklaydi. Tamaraxonimga o’zbek lapar va raqslarini o’rgatadi. 1920 yil Yusufjon qiziq to’dasi targ’ibot poezdida xizmat qiladi. 1921 yil Farg’ona o’lka sayyor teatr truppasi tarkibida Buxoro viloyatida bo’lib, «Tuhmatchilar jazosi» (Hamza) spektaklida Sulton piyonista rolini ijro etadi, kontsertlarda qiziqchilik qiladi. 1926-28 yillar Yusufjon qiziq Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi O’zbek davlat etnografik ansamblda qiziqchi, cholg’uchi, o’yinchi sifatida faoliyat qo’rsatgan, yoshlarga xalq raqs va laparlarini o’rgatgan. «Qari navo», «Sarboz», «Kema o’yin» raqslarini sahnalashtirishda qatnashgan. Shu davrda Cho’lpon bilan ham hamkorlik qilib, 1927 yilda Moskva o’zbek drama studiyasida uning asari asosida «Yana uylanaman» komediyasini sahnalashtirishga hissa qo’shgan. 1930 yil bir guruh xalq ijodkorlari bilan Moskvada bo’lib o’tgan san’at olimpiadasida ishtirok etgan. «Zarkokil», «To’rt jinni», «Kelin tushirdi», «Mardikor — novvoylik», «Mozor», «Yelpib o’tirish», «Qalandarlik», «Attorlik» kabi qadimiy xalq komediyalarini tiklaydi, namoyish etadi, boshqarib boradi. 2-jahon urushi yillari Yangiyo’l teatrida (1941-42), O’zbek davlat tsirkida (1942-44) ishlaydi. Urushdan keyingi yillar xalq bayram va to’ylarida xizmat qiladi. «Qo’shiqlar parvoz etadi» filmkontsertda bosh rolni o’ynaydi. Mustamlaka va sobiq sovet davrida og’zaki ijod qilish, Odil va rost so’zni aytish, mansabdor ustidan kulish, tanqid qilish qanchalik og’ir va xavfli bo’lmasin, qiziqchilik va askiya merosini avlodlar uchun saqlab qolish, yangi sharoitlarda tiklash va rivojlantirishda jonbozlik ko’rsatdi. Yusufjon qiziq an’analarini o’g’illari Zaynobiddin va Madaminjon Yusupovlar, Muhiddin Darveshov va boshqalar qiziqchi va askiyachilar davom ettirdilar. A. Muxtorning «Zar qadrini…», A. Abug’afurovning «Kulgi zarbi» pesalari Yusufjon qiziq hayoti va ijodiga bag’ishlangan. Farg’ona viloyati musiqali drama teatriga Yusufjon qiziq Shakarjonov nomi berilgan. Ad.: Obidov T., Yusufjon qiziq, T, 1960; Qodirov M., Yusufjon qiziq teatri, T, 1969; Qodirov M., O’zbek teatri an’analari, T., 1976; Qodirov M., Yusufjon qiziq, T., 1991. Muhsin Qodirov.