YUSUPOVA OFELIYA YUNUSOVNA

YUSUPOVA OFELIYA YUNUSOVNA (1938.8.11, Toshkent) — pianinochi, O’zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi san’at arbobi (1994), professor (1987). Klara Yusupovaning singlisi. Moskva konservatoriyasida ta’lim olgan (1956-60), Toshkent konservatoriyasi (1962) va aspiranturasi (1965) ni tugatgan. Shu yer (2002 yildan O’zbekiston konservatoriyasida kontsertmeyster (1960-62), pedagog (1962 yildan), kafedra mudiri (1973 yildan), rektor (1987-97), O’zbek davlat filarmoniyasi yakkaxon sozandasi (1962-70). Repertuaridan Yevropa klassik (Bax, Mosart, Betxoven, Shopen, Grig, Raxmaninov, Prokofev va boshqalar) va O’zbekiston (G. Mushel, S. Yudakov, X. Izomov, F. Yanov Yanovskiy, X. Azimov, N.Zokirov, A.Nabiyev va boshqalar) kompozitorlari asarlari o’rin olgan. P.Xoliqov, R. Hamroyev, R.Abdullayev, M.Tojiyev va boshqalarning fortepiano kontsertlarining birinchi ijrochisi va targ’ibotchisi. O’zbekiston kompozitorlari fortepiano musiqa festivali tashabbuskori va tashkilotchisi (1974 yildan). Ijro uslubi intellektual omili yetakchiligi, kompozitsion puxtaligi, me’yoriy his-tuyg’ulari bilan ajralib turadi. Ijrolari 2 gramplastinka va O’zbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan. As: Kalmikova G., Ofeliya Yusupova, T, 2001.