YUVUVCHI VOSITALAR

YUVUVCHI VOSITALAR (tozalovchi vositalar) — turli materiallar sathidagi, inson va hayvonlar tanasidagi kirlarni yuvish uchun qo’llanadigan modda yoki moddalar aralashmasi. Yuvuvchi vositalar tarkibiga sintetik yuvuvchi moddalar (sovunga o’xshash sirt faol moddalar) va turli qo’shimcha vositalar (mineral tuzlar, organik birikmalar va boshqalar) kiradi. Yuvuvchi vositalar sifatida qadimdan ishqoriy tuzlar (potash, tabiiy soda), gidrofil loylar (masalan, gilvata), ba’zi o’simliklarning sharbati qo’llangan. 19-asrda sovungarlik sanoatining vujudga kelishi bilan bu tabiiy Yuvuvchi vositalar o’z mavqeini yo’qotdi. Yuvuvchi vositalarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish ilk bor 19-asrning 30-yillarida Germaniyada yo’lga qo’yildi; 1950 yildan boshlab Yuvuvchi vositalar qariyb barcha rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqarila boshlandi. Bu vaqtda yog’dan olinadigan sovun ulushi Yuvuvchi vositalar umumiy hajmiga nisbatan anchagina kamayadi. Yuvuvchi moddalar barcha Yuvuvchi vositalar xossasini belgilovchi tarkibining asosiy qismini tashkil etuvchi sirt faol moddalardir. Yuvuvchi vositalar eritmalarda (aniqrog’i, yarim kolloid sistemada) misellalar hosil qiladi va ularning yuvish qobiliyati ana shu eritma xossasiga bog’liq. Yuvuvchi moddalar ionlarga dissosilanadigan — ionli va ionlarga dissosilanmaydigan — ionsiz sinflarga bo’linadi. Ionli moddalarning sirt faol ioni manfiy zaryadli bo’lsa, anion faol, musbat zaryadli bo’lsa kation faol deyiladi. Sirt faol ionlar ishqoriy sharoitda manfiy, kislotali sharoitda musbat zaryadlansa, bunday yuvuvchi moddalar amfoter yoki amfolit deb ataladi. Eng ko’p tarqalgan yuvuvchi moddalar anion faol moddalardir. Bular asosida barcha sovunlar va ko’pchilik sintetik Yuvuvchi vositalar olinadi. Sintetik Yuvuvchi vositalar tarkibida yuvish jarayonini yaxshilovchi qo’shimcha moddalar bo’ladi. Bularga kuchsiz anorganik kislotalarning ishqoriy tuzlari (natriy karbonat, natriy bikarbonat, natriy silikat, turli tarkibli fosfatlar), neytral tuzlar (natriy sulfat, natriy xlorid), oqartirish va dezinfektsiyalash xossalariga ega bo’lgan peroksidlar tuzi (natriy perborat, natriy perkarbonat) va boshqalar kiradi. Yuvuvchi vositalar tarkibiga xushbo’y moddalar ham qo’shiladi. Yuvuvchi vositalar tarkibidagi komponentlar miqdori ularning qanday maqsadda qo’llanishi hamda iqtisodiy va sanitariya-gigiena talablariga ko’ra turlicha bo’lishi mumkin. Yuvuvchi vositalarning asosiy qismi kukun holda, qolganlari esa suyuq, pasta va boshqalar holda sotishga chiqariladi. Ularning kir, shisha, fayans, sirli sopol, emallangan metall buyumlarni tozalash kabi maqsadlar uchun alohida turlari mavjud. Jun, ipak, sintetik va sun’iy toladan to’qilgan matolar, ip gazlamalarni yuvish maxsus Yuvuvchi vositalar hamda barcha matolarni yuvishga mo’ljallangan universal Yuvuvchi vositalar ishlab chiqariladi.