ZAMAXSHARIY
ZAMAXSHARIY (nisbasi; to’liq ism-sharifi Abulqosim Mahmud ibn Umar ibn Axmad) (1075.18.3, Xorazm, Zamaxshar qishlog’i — 1144, hozirgi Ko’hna Urganch) — tilshunos, adib, tafsir va hadis olimi. Oilasi Islomning mutazila ta’limotiga e’tiqod qo’ygan bo’lib, Zamaxshariy dunyoqarashi dindor, taqvodor otasining ta’sirida shakllangan, dastlabki bilimini ham o’z otasidan olgan. Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari, ayniqsa, Arab tili va adabiyotini, diniy ilmlarni, shuningdek, o’sha davrda ilm axli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallaydi. Ustozi — til, lug’at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Isfaxoniy (1113 yil Marvda vafot etgan) dan ilm o’rganadi. Talabalik yoshiga etgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo’l oladi. Bu yerda u Shayx ulislom Abumansur Nasr Horisiy, Abusa’d Shaqqoniy va Abulxattob ibn Abulbatr kabi olimlardan saboq oladi. Buxoroda o’qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo’lib, kotiblik bilan shug’ullanadi, hukmdorlarga yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko’rmagach, o’zga yurtlarga safar qiladi. Marv, Nishopur, Isfahon, Damashq, Bag’dod va Hijozda, 2 marta Makkada bo’ladi. Bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirib, Arab tili grammatikasi va lug’atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari va urf-odatlarini chuqur o’rganadi, mintaqa geografiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to’playdi. Zamaxshariy ko’p asarlarini Makkada yozadi. Shu boisdan u Jorulloh («Allohning qo’shnisi») degan sharafli laqabga muyassar bo’lgan. Zamaxshariy Arab grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid 50 dan ortiq asarlar yaratgan. Ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan. Zamaxshariyning «Al-Mufassal» («Grammatika bo’yicha mufassal kitob», 1121) asari Arab tili nahvu sarfini o’rganishda yirik qo’llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G’arbda ham shuhrat topgan. Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimdakim Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga 5 ming kumush tanga va sarupo sovg’a qilishni va’da bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga sazovor bo’lishgan. «Al-Mufassal»ning ixchamlashtirilib, muxtasar holatga keltirilgan nusxasi «Alunmuzaj» («Namuna») nomi bilan ataladi. Grammatikaga oid asarlaridan «Sharh abyat kitob Sibavayh» («Sibavayh kitobining sharhi») — Arab tilshunosi Sibavayh (796 yil vafot etgan) ning kitobiga yozilgan mukammal sharxdir. Zamaxshariyning Otsiz Xorazmshohga bag’ishlab yozilgan «Muqaddimat uladab» («Adab ilmiga muqaddima», 1137) asaridagi Arabcha so’zlar ostida forsiy va turkiy tarjimalarning berilishi o’zbek tarixiy leksikologiyasi uchun qimmatlidir. Asar 5 katta qismga bo’lingan bo’lib — otlar, fe’llar, bog’lovchilar, ot o’zgarishlari va fe’l o’zgarishlari haqida bahs yuritadi. Ushbu asarda Zamaxshariy o’sha davr Arab tilining iste’molda bo’lgan barcha so’zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta e’tibor bergan. Asar arabchadan fors, Chig’atoy, mo’g’ul va turk tillariga, birinchi marta 1706 yil Xo’ja Isxoq afandi tomonidan Usmonli turk tiliga tarjima qilingan. Zamaxshariy asarlarida uslubshunoslik va she’rshunoslik haqida ham fikr yuritilgan; badiiy tasvir vositalariga qisqa, aniq va nozik izohlar berilgan. Masalan, kinoya bilan ta’riz san’atlari orasidagi farq ko’rsatib berilgan. 3500 ga yaqin Arab maqollarini to’plab, ularni izohlagan («Almustaqso filamsol» — «Kamolga yetgan makrllar»). «Kitob aljibol valamkina valmiyoh» («Tog’lar, joylar va suvlar haqida kitob») asarida geografik joylar, tog’lar va dengizlarga doyr qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Zamaxshariyning bu asari G’arb olimlari o’rtasida ham mashhur bo’lgan, 1856 yil gollandiyalik arabshunos olim Salverda de Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda nashr etilgan. «Asos albalog’at» («Notiqlik asoslari») asari lug’atshunoslikka bag’ishlangan. Unda Arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so’z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so’zlar bilan ifodalash, so’z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog’at ilmlaridan yaxshi xabardor bo’lishi kerak. Buning uchun so’zni to’g’ri, o’z o’rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so’zlash va yozish ham kerak bo’lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so’z birikmalari, ularning amalda tadbiq etish yo’llari chuqur tahlil etilgan. «Alfoiqfi g’arib alhadis» («G’arib hadislar haqida qimmatli kitob») asari hadisda uchraydigan, ma’nosini anglash qiyin bo’lgan iboralar, so’zlar haqida. «Atvoq uzzahab filmavo’iz valxutab» («Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar») — nasihatomuz maqolalar to’plamidan iborat. «Rabiy’ulabror va nusus ulaxyar» («Ezgular bahori va yaxshilar bayoni») asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan. Zamaxshariyning aruz vazni haqida bahs yurituvchi «Alqustos filaruz» («Aruzda o’lchov») asari muhim manbalardan hisoblanadi. «Maqomat» («Maqomlar») — 50 maqomdan iborat bo’lib, qofiyali Nasr — saj’ uslubining nozik namunalarini o’zida mujassam etgan muhim asardir. Zamaxshariy hikmatli so’zlardan iborat «Navobig’ulkalim» («Nozik iboralar»); didaktik ruxdagi «Annasouh ussig’or val bavolig’ulkibor» («Kichiklarga nasihatlar va ulug’lar etukligi») hamda lirik va falsafiy she’rlar, qasida, faxriya, nazmiy maktublarni o’z ichiga olgan «Devon uzzamaxshariy» kabi asarlar ham yaratgan. «Alkashshof an haqoiq ittanziyl va uyun ilaqoviyl Fi vujuh itta’viyl» («Qur’on haqiqatlari va uni sharxlash orqali so’zlar ko’zlarini ochish», 1132-34) asari Qur’on tafsiriga bag’ishlangan. Dunyoning turli qo’lyozma xazinalarida «Alkashshof»ning 100 ga yaqin qo’lyozmalari va asarning o’ziga bitilgan 20 dan ortiq sharh va hoshiyalar mavjud. Qohiradagi mashhur al Azhar dorilfununining talabalari ham boshqa tafsirlar bilan bir qatorda Zamaxshariyning ushbu asari asosida Qur’on o’rganadilar. Asarlarining qo’lyozmalari Germaniya, Misr, Turkiya, Eron, Frantsiya va Rossiyada saqlanadi. Zamaxshariy asarlari nemis, frantsuz va boshqa tillarda nashr etilgan. Zamondoshlari Abusamad Muhammad Sam’oniy, Yoqut Hamaviy, Jamoliddin Qiftiy Zamaxshariy ijodiga yuksak baho berganlar. Zamaxshariy ijodining ayrim tomonlarini Sharq (A. Z. Validiy, Muhammad Kozimbek), O’zbek (A. Rustamov, U. Tursunov, U. Uvatov, Z. Islomov, M. Hakimjonov va boshqalar), rus (Krachkovskiy, Borovkov va boshqalar), G’arb (Brokkelman, Zayonchkovskiy va boshqalar) olimlari tadqiq etganlar. Toshkent ko’chalaridan biriga, maktab, jome masjidiga Zamaxshariy nomi berilgan. Ad.: Rustamov A., Mahmud Zamaxshariy, T., 1971; Uvatov U., Nozik iboralar, T., 1992; Uvatov U., Mahmud azZamaxshariy, T., 1995; Ma’naviyat yulduzlari, T., 2001. Alibek Rustamov, Ubaydullo Uvatov.