ZAMBURUG’LAR
ZAMBURUG’LAR (Fungi yoki Mycetes) — eukariot organizmlar dunyosi (bo’limi). Zamburug’lar tayyor organik moddalar hisobiga yashaydi, ya’ni geterotrof organism hisoblanadi. Odatda o’simliklarda, tuproqda, suvda, hayvonlarda yoki ularning qoldiqlarida hayot kechiradi. Oziqlanish usuliga qarab parazit va saprofit Zamburug’larga bo’linadi. Zamburug’larning odamlar va hayvonlar uchun zararli va foydali yuz mingdan ortiq turi uchraydi. Zamburug’lar haqidagi fan mikologiya deb ataladi. Tuzilishi. Ko’pchilik Zamburug’larning (ba’zi hujayra ichki parazitlaridan tashqari) vegetativ tanasi miseliy ko’rinishida, ya’ni oziqlanish substrati sirtiga yoki ichiga taralib, uchidan o’sadigan ingichka ipcha — gifalardan iborat. Ko’payishi. Zamburug’lar vegetativ vareproduktiv (jinssiz va jinsiy) ko’payadi. Vegetativ ko’payish miseliy ipchalarining bo’linishi yoki sklerosiyalar bilan amalga oshadi. Bu bo’lakchalar har xil yo’l bilan tarqalib, qulay sharoitga tushganda yangi miseliysi hosil bo’ladi. Jinssiz ko’payish miseliyning maxsus shoxchalarida xreil bo’ladigan sporalar orqali ro’y beradi. Sporalar hosil bo’lishiga qarab endogen va ekzogen buladi. Endogen sporalar odatda gifa (sporangiy yoki zoosporangiy) ning sharsimon uchlarida ko’p miqdorda rivojlanadi. Ekzogen sporalar (konidiyalar) miseliyning maxsus shoxlarida yakka, guruh bo’lib, ko’pincha zanjirsimon rivojlanadi. Jinsiy ko’payish ikkita har xil jinsiy hujayraning qo’shilishidan hosil bo’ladigan zigotalar orqali ro’y beradi. Zamburug’lar hamma joyda keng tarqalgan. Aksari Zamburug’larning tabiatda umri qisqa. Ularning miseliysi bir necha sutkada rivojlanib, spora hosil qilgach, o’sishdan to’xtab, nobud bo’ladi. Miseliysi ko’p yil yashaydigan Zamburug’lar ham bor. Jumladan, patogen va parazit Zamburug’lar miseliysi bir necha yillab yashaydi. Shuningdek, sklerosiylari va turli-tuman sporalari bilan uzoq vaqtgacha saqlanadigan Zamburug’lar ham bo’ladi. Ko’p sporalar quruq holatda hayotchanligini o’n yillab saqlashi mumkin. Muhim fiziologik xususiyatlari. Zamburug’lar rivojlanishi uchun kislorod zarur bo’lib, aerob organizm hisoblanadi. Lekin ayrim Zamburug’lar, masalan, achitqi Zamburug’lariga ozgina kislorod xam yetarli. Ko’p Zamburug’lar turli xil (spirtli, limonli) achitish xususiyatiga ega. Zamburug’lar 20-25° da yaxshi o’sadi, ba’zilari 2-4° da ham o’saveradi. Zamburug’larning o’sishi uchun yorug’lik zarur emas, lekin quyosh nuri ularning o’sishi va spora hosil qilishiga salbiy ta’sir etadi. Tabiat va inson hayotidagi ahamiyati. Tuproqda yashaydigan Zamburug’lar o’simlik qoldiqlari (jumladan qiyin parchalanadigan tsellyuloza va lignin) ni yemiradi va minerallashtiradi. Yog’ochlarni, asosan, po’kak Zamburug’lar yemiradi. Ko’pchilik Zamburug’lar o’simliklarda turli kasalliklarni qo’zg’atadi. Odamlardagi qator kasalliklar: kal, qirma temiratki va boshqalarni Zamburug’lar qo’zg’atadi. Foydali Zamburug’lar ham ko’p. Penicullium va Aspergillus turkumiga mansub Zamburug’lardan vitaminlar, antibiotiklar, limon kislota va steroid preparatlar olishda foydalaniladi. Achitqi Zamburug’lar vino, non, pivo tayyorlashda ishlatiladi. Zamburug’lardan ko’nchilik, to’qimachilikda va sanoatning boshqa tarmoqlarida qo’llaniladigan turli xil fermentlar olinadi. Dunyoning ko’pgina mamlakatlarida Zamburug’lar ovqatga ishlatiladi; iste’mol qilinadigan Zamburug’larning turi 100 dan ortadi. Bulardan kuplari qimmatli bo’lib, tarkibida oqsil moddalari, vitaminlar va fermentlar bor. Zamburug’lar, asosan, konservalab (quritib, tuzlab, ziralab) iste’mol qilinadi. Zamburug’lar tasnifi: I sinf — tuban zamburug’lar yoki fikomisetlar (Phycomycetes); II sinf — xaltali zamburug’lar yoki aksosimetlar (Ascomycetes); III sinf — bazidiomisetlar (Basidiomycetes); IV sinf — takomillashmagan zamburug’lar (Deuteromycetes yoki Fungi imperfecti). Zamburug’lar o’simlik, hayvon va odamlarda kasallik qo’zg’atish xususiyatiga ega, oziq-ovqat mahsulotlarini buzadi. G’o’zada vilt va chirish kasalliklarini paydo qiladi. Ba’zi Zamburug’lar hasharotlar sonini hamda kasallik tug’diruvchi (patogen) Zamburug’lar rivojini susaytirishda ijobiy ahamiyatga ega. Vertisillyoz so’lishni qo’zg’atuvchi Zamburug’lar kushandasi (Zamburug’lar — antagonist) ga Trichoderma Iignoram Hars., Aspergilius sp., Penicillim sp. va boshqalar kiradi. Zamburug’lar tuproqda bakteriyalar, aktinomisetlar va mikroorganizmlar bilan birgalikda organik moddalarni parchalab, sanitarlik vazifasini bajaradi va tabiatda moddalar aylanishida ishtirok etadi. Shu bilan birga tuproqda o’simlik kasalliklarini qo’zg’atuvchi Zamburug’lar to’planib ham qoladi. Monokultura natijasida o’simliklarning ma’lum turlarigagina ixtisoslashgan Zamburug’lar yig’iladi. Aspergilius, Penicillium, Mucor, Trichothecium, Rhizopus va boshqa turkumga mansub ba’zi tur Zamburug’lar urug’lik materialning mog’orlashiga sabab bo’lib, ularning unuvchanligini pasaytiradi. Ko’pgina mog’or Zamburug’lar xom ashyoni saqlash davrida paxta tolasi sifatini buzadi. Ba’zi turlari iste’mol qilinadi (jumladan, qo’ziqorin). Zamburug’larning fermentativ, antibiotik, toksik va parazitlik xususiyatlaridan veterinariyada hamda o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda, shuningdek, yengil sanoatda, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida foydalaniladi.