«ZAMIN» BANKI

«ZAMIN» BANKI — O’zbekistondagi ixtisoslashtirilgan davlataktsiyadorlik ipoteka banki. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 7 sentabrdagi qaroriga ko’ra, ochiq aktsiyadorlik jamiyati shaklida 20 million so’mlik ustav jamg’armasi bilan tashkil etilgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida joylashgan. Respublikaning barcha viloyatlarida va Qoraqalpog’iston Respublikasida 13 filiali bor. Bankning asosiy aktsiyadorlari O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo’mitasi (60,7%), Moliya vazirligi (5,5%), «Bektemir universal bozori» ochiq aktsiyadorlik jamiyati (8,8%), «O’zqishloq xo’jalik-mashxolding» kompaniyasi (4,6%) va boshqalar. 1996 yildan amaliyotlarni xorijiy valyutada olib borish uchun lisenziya olgan. Respublikadagi yer maydonlari va boshqa ko’chmas mulkni garovga qo’yish asosida moliya mablag’larini jamlash va investitsiyalash; jismoniy va yuridik shaxslarga qisqa va uzoq muddatli hamda ipoteka kreditlari berish; yer egalariga kompleks kredit-hisob xizmati ko’rsatish; muomalaga ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish; kichik va o’rta tadbirkorlik korxonalarini kreditlash, ipoteka kreditlari soqasida ilg’or jahon tajribalarini joriy etish va boshqa vazifalarni bajaradi. Bank portfelining asosiy qismi xususiy, kichik va o’rta biznes sub’yektlariga ajratilgan kreditlar (3,5 milliard so’m) dan iborat. Ustav jamg’armasi 1,235 milliard so’m, o’z kapitali 1,5 milliard so’m, jami aktivlari 5,7 milliard so’m, kredit quyilmalari 4 milliard so’mni tashkil qildi (2002). Odil Mavlonov.