ZAMZAM

ZAMZAM, Obi Zamzam — Makka shahridagi Almasjid al-harom sahnidagi muqaddas buloq. Ka’ba yonida bo’lib, hozirgi vaqtda pastda — alohida va maxsus joyga o’tkazilgan suv jo’mraklari orqali ichiladi. Buloqsuvi kengligi bir qarichdan ortiqroq po’lat quvur orqali chiqadi, oynaband xonada xizmatchilar uni masjidning birinchi, ikkinchi va uchinchi qavati (tomi)ga tarqalishini nazorat qilib turadilar. Suv tarqatgich uskunalar kechakunduz beto’xtov ishlaydi. Zamzam tarixi uzoq. Rivoyatlarga ko’ra, buloqning paydo bo’lishi Ibrohim (as)ning o’g’li Ismoilning tavalludi bilan bog’lanadi: cho’lda qoldirib ketilgan Bibi Hojar chaqalog’i (Ismoil) dunyoga kelgach, yuvinish va chanqovini bosish maqsadida suv axtarib shu yaqindagi Safo va Marva tepaliklari orasida yetti marta yelib-yuguradi. Suv topolmay obdon toliqqan ona chaqalog’i yoniga qaytsa, uning oyokutari ostidan suv chiqayotganligini ko’radi. Nima qilarini bilmay shoshib qolgan Bibi Hojar «Zam, zam!»(ya’ni «To’xta, to’xta!»), deydi. Boshqa bir rivoyatda onaning mushkul ahvolidan boxabar bo’lgan Jabroil (as) yerdan suv chiqarib bergan, deyiladi. Lekin oradan ko’p asrlar o’tib buloq ko’zi yopilib qoladi. Vaqti kelib Muhammad (sav)ning buvasi Abdulmutallib buloq ko’zini qayta ochadi. Zamzam Qur’oni karimda tilga olingan. Zamzam suviga yuz-qo’llarni yuvish, undan ichish haj va Umra amallarini bajarishning muhim belgisi hisoblanadi. Ziyoratchilar qaytishda undan olib ketib ko’pchilikka tarqatadilar. Hozir Makkada suvni turli hajmdagi idishlarga quyadigan moslama ishga tushirilgan. Zamzam suvi o’ziga xos xususiyatga ega. Tarkibi kishi organizmi uchun foydali ma’danlarga boyligi, oshqozon-ichak, qon tomiri va boshqa ba’zi kasalliklarga davo ekanligi aniqlangan. Qudrathoji Axmerov.