ZANG KANALI
ZANG KANALI — Surxondaryo viloyatidagi sug’orish kanali. Uzunligi 96 kilometr, suv o’tkazish imkoniyati 85 m3/sekund. Kanal Arpapoya qishlog’i yaqinida Surxondaryodan suv oladi. Zang kanali — qadimgi kanallardan biri (taxminan 9—10 asrlarda qazilgan), bir necha marta qayta tiklangan. Hozirgi Zang kanali deyarli qadimgi kanal o’rnida 1912 yil qayta qazilgan. 30 yillarda Angortallimaron, 50 yillarda Beshqo’ton, Muzrabod massivlari o’zlashtirilishi bilan kanal uzaytirildi va kengaytirildi. Tallimaron tarmog’i Muzrabodsoygacha uzaytirildi, 1967 yilda kanalning bosh qismida Jarqo’rg’on gidrouzeli qurildi (Zang kanali shu gidrouzel sistemasiga kiradi). 1972 yilda, Amu-zang kanali qurilgach, Zang kanali Amudaryodan suv ola boshladi. Zang kanali Jarqo’rg’on, Termiz, Muzrabod tumanlaridagi 60 ming gektar yaqin yerni sug’oradi va Uchqizil suv omborini suv bilan ta’minlaydi. Kanalning 40 kilometrga yaqin qismiga beton yotqizilgan. Sug’orish mavsumidan boshqa davrda kanal suvi Uchqizil suv omboriga beriladi.