ZANGIOTA TUMANI

ZANGIOTA TUMANI Toshkent viloyatidagi tuman. 1933 yil 1 dekabrda tashkil etilgan (1992 yil maygacha Kalinin tumani deb atalgan). Hududi Toshkent shahrining g’arbi va Janubga tutash. Shimolda Toshkent tumani, g’arbda Qozog’istonning Janubiy Qozog’iston viloyati, Sharqda Qibray, O’rta Chirchiq, yuqori Chirchiq tumanlari, Janubda Yangiyo’l tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,22 ming kilometr kvadrat. Aholisi 160,6 ming kishi (2002). Zangiota tumanida 2 shaharcha (Eshonguzar, O’rtaovul), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Bo’zsuv, Zangiota, Ittifoq, Nazarbek, Xonobod, Chig’atoyoqtepa, Erkin, o’zgarish, Qatortol) bor. Markazi — Eshonguzar shaharchasi. Tuman nomi shu o’ramdagi Zangiota qishlog’i nomi bilan bog’liq. Bu qishloqda 13 asr 1-yarmida Zangiota yashab o’tgan. Zangiota majmuasi musulmonlarning katta ziyoratgohiga aylangan. Tabiati. Zangiota tumani hududi Chirchiq daryosining o’ng sohilida, shimol g’arbda qisman Keles daryosining chap sohiliga tutash. Relefi, asosan, tekis, shimol sharqdan Janub g’arbga pasayib boradi. Tuman yerlarida juda qadimdan dehqonchilik qilib kelinadi. Tuproqlari tipik bo’z tuproq, Daryo sohillarida unumdor o’tloqi tuproq. Tuman hududidan Bo’zsuv, zax, yuqori jo’n, yuqori Toshkent, Anhor, Tolariq, Barotxo’ja, Nayman kanallari va boshqa ariqlar o’tadi. Iqlimi mo’tadil issiq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26,9°, yanvarda -0,9°. Yiliga 350 millimetr yog’in tushadi, asosan, qishning ikkinchi yarmi va bahorda yog’adi. Vegetasiya davri 263 kun. Tuman hududi butunlay o’zlashtirilganligi bois yovvoyi o’simlik va hayvonlar juda kam qolgan. Foydali qazilmalardan gips, gil va boshqa qurilish materiallari mavjud, shuningdek, issiq mineral buloklar ham bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, tatar, tojik, koreys va boshqa 20 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 730 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 24,6 ming, qishloq aholisi 136 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman hududidagi sanoat korxonalari, asosan, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. 20 dan ortiq qo’shma korxona, 400 dan ziyod kichik va xususiy korxona, 20 dan ziyod sanoat korxonasi, 7 avtokorxona, 100 ga yaqin maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi ishlab turibdi. AQSh, Isroil kompaniyalari bilan birgalikda araq, shampan vinosi, sharbatli ichimliklar, Germaniyaning «Landtexnik» kompaniyasi bilan birgalikda «Moral—125» kombayni, «Gidrav «Ittifoq» qishlog’i hududidagi sanatoriylika» aktsiyadorlik jamiyatida Gollandiya firmalari bilan hamkorlikda qishloq xo’jalik texnikasi va asbob-uskunalari ishlab chiqarilmoqda. «Toshkentgo’sht» aktsiyadorlik jamiyati Shimol Irlandiya bilan qo’shma korxona tuzib faoliyatini kengaytirdi. «Monimebel LTD» qo’shma korxonasi plastmassadan rom va eshiklar, «Nur-Bajaxu» qo’shma korxonasi parolon, O’zbekistonIsroil «Farvab» qo’shma korxonasi spirtli va yaxna ichimliklar ishlab chiqarish, «Virtex Agro» qo’shma korxonasi parranda go’shti va tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan. Tuman qishloq xo’jaligida sabzavotchilik, sut chorvachiligi, bog’dorchilik va tokchilik asosiy o’rin egallaydi. Tumandagi «Bo’zsuv» va «Erkin» shirkat xo’jaliklari turli sabzavot urug’lari yetkazib berishga ixtisoslashgan. Tuman xo’jaliklari poytaxt aholisini ho’l meva, sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Shunday xo’jaliklardan «Qo’yliq» agrofirmasi mashhur. Zangiota tumanining jami ekin maydoni 8,2 ming gektar, shundan 7,9 ming gektar sug’oriladigan yerlar. Lalmikor yerlar 344 gektar. Chorvachilikda, asosan, sut, go’sht yetishtiriladi. Qariyb 22 ming bosh qoramol (shu jumladan 8,4 mingdan ortiq sigir), 7,5 ming qo’y va echki, 439,6 mingdan ziyod parranda bor (2002). «O’zbekiston» va «Do’stlik» parrandachilik fermalari, «barakat» bo’rdoqichilik fermasi, «Damachi» baliqchilik korxonasi mavjud. Zangiota tumanida transport yo’llari ancha zich. Tuman hududidan uch yo’nalishda temir yo’l (Toshkent—Yangiyo’l, Keles—O’rtaovul va Toshkent Angren) va umumdavlat ahamiyatiga ega bo’lgan katta O’zbekiston trakti o’tgan. Tuman markazi Toshkent bilan yo’lovchilar tashish va avtomobil transporti orqali bog’langan. Tumandan Toshkent shahrining «Janubiy» temir yo’l vokzaligacha 3 kilometr. 2001-2002 o’quv yilida 43 umumiy ta’lim maktabida qariyb 31 ming o’quvchi ta’lim oldi. Kollej, kasbxunar maktabi va boshqa o’quv muassasalari bor. O’zbekiston Fanlar Akademiyasining suv muammolari intining tajriba-eksperimental xo’jaligi, Genetika va o’simliklar biologiyasi intoning tajriba uchastkasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. 5 kasalxona, 3 poliklinika, 10 qishloq davolash ambulatoriyasi, 21 feldsherakusherlik punktida 360 dan ziyod oliy ma’lumotli shifokor va 1376 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. 34 kutubxona, 12 madaniyat uyi, 5 stadion, sport suv havzasi, 2 tennis korti bor. Yiliga 5 ming kishini davolash imkoniyatiga ega bo’lgan «Nazarbek», «Zangiota», «Algoritm» sanatoriylari faoliyat ko’rsatadi. 1965 yildan «Istiqbol» tuman gazeta nashr etiladi (adadi 2000).