ZAPOROJYE

ZAPOROJYE (1921 yilgacha Aleksandrovsk) — Ukrainadagi shahar (1806 yildan). Zaporojye viloyati markazi. Dnepr sohilidagi port. Temir yo’l tuguni. Aholisi 871,0 ming kishi (1997). Qora metallurgiya («Zaporojstal» kombinati, «Dneprospesstal» zavodi va boshqalar) va rangli metallurgiya (titanmagniy kombinati, alyuminiy zavodi va boshqalar), mashinasozlik (elektrotexnika sanoati korxonalari, «AvtoZAZ», «Motorostroitel» ishlab chiqarish korxonalari va boshqalar), kimyo va koks kimyosi, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari, Dnepr GES (Dneproges), 4 oliy o’quv yurti (shu jumladan universitet), 3 teatr, o’lkashunoslik va badiiy muzeylar bor. Zaporojyega 1770 yil asos solingan.