ZARAFSHON

ZARAFSHON (forscha, zar — oltin, afshon — sochuvchi) — Tojikiston va O’zbekistondagi daryo. Avesto yodgorliklarida «Daytiya» — «ezgu suv» deb yuritilgan; yunonlar hukmronligi davrida «Daytiya» so’zi yunonchaga aynan tarjima qilinib, Politimet — «ko’p ezgu suv» deb atalgan; daryoning Sugd, jirt, Jon, Somjan shaklidagi nomlari ham ma’lum; pahlaviy (qadimgi forscha) tilida «Nomiq» («Mashhur», «Ezgu»), fors tilidagi manbalarda Rudi Mosaf, Rudi Sharg’ deyilgan; Arabcha manbalarda esa Haramkom — «Muqadsas Daryo», Vodiy ussug’d, Nahr ul-buxoro kabi nomlari qayd etilgan; «Boburnoma»da Obi Ko’hak deb tilga olingan; keyinroq daryoyi Ko’hak, 18 asrdan Zarafshon deb atala boshlagan. Uzunligi 877 kilometr, havzasining maydoni 41860 kilometr kvadrat, shundan tog’li qismi 17710 kilometr kvadrat, qolgani tog’oldi qirlari va tekislikka to’g’ri keladi. Zarafshon vohasida miloddan avvalgi 2ming yillik — 1ming yillik boshlarida yashagan o’troq aholi Zarafshondan kanal-ariqlar chiqarib dehqonchilik qilgan. 1—4 asrlarda Zarafshondan suv oladigan Darg’om, Qalqonota, Shahrud, Romitan kabi yirik kanallar, Sangisaloh, katta beglik, Damdaryo kabi ariqlar qazilgan. Zarafshondan qadimgi Varaqsar (hozirgi Rabotxoja) qishlog’i yaqinida arablar istilosi (712) dan ancha oldin qurilgan to’g’ondan uchta ariq chiqarilgan. Eng shimoldagisi — Darg’om arig’i, qolgan ikkitasi Temuriylar davrida Abbos va Qoraunas deb atalgan, keyinchalik ular Yangiariq va Qozonariq nomini olgan. Bu ariqlardan Samarqand shahridan janubdagi yerlar sug’orilgan. Samarqand shahridan Sharqdagi yerlarga suv keltiriluvchi Mirzaariq, Tuyatortar ariqlari 5—6 asrlarda qazilgan degan ma’lumotlar bor. Qadimgi ariqlardan bo’lgan Narpay (Nahrpoy) Sug’dning eng yirik irrigatsiya inshooti hisoblangan. Tabi Zarautsoy rasmlari. Zarafshon daryosining yuqori qismi. Iyki, o’sha davrlarda Samarqand shahri ham Zarafshondan suv ichgan. Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi Shofirkon (Shopurkom), Xarkanrud (hozirgi Qalqonrud), Xitraf yoki Govxitfar (hozirgi Vobkentdaryo), Buxoro shahrini suv bilan ta’minlovchi Rudizar (hozirgi Shohrud) kanallari ham qadimgi suv inshootlaridandir. Ular haqidagi ma’lumotlar Narshaxiy, Istaxriy, Muqaddasiy asarlari (yua.) da keltiriladi. Zarafshon suvidan qadimdan Samarqand, Buxoro, Karmana muzofotlari bilan birga Qashqadaryo (Eski Angor kanali orqali) va Jizzax (Eski Tuyatortar kanali orqali) muzofotlari yerlari ham bahramand bo’lib kelgan. Zarafshon Turkiston, Zarafshon va olay tog’ tizmalari birikkan joy — Mastchoh (Ko’ksuv) tog’ tugunidagi Zarafshon muzligidan Mastchoh daryosi nomi bilan boshlanadi. Boshlanish joyidan qariyb 189 kilometr quyida, chapdan Fondaryo qo’shiladi va Zarafshon nomini oladi. Zarafshonga muzliklar va buloqlardan boshlanadigan 4200 ga yaqin irmoq quyiladi. Eng yiriklari — Fondaryo, Qo’shtutdaryo, Mag’iyondaryo. Tojikiston hududiga qarashli yuqori oqimida Zarafshon Turkiston va Zaraftshon tog’ tizmalari oralig’ida yon bag’irlari baland va tik ko’tarilgan, ko’pchilik joylarida dara va tangilardan iborat tor vodiyda juda tez oqadi. Daryo vodiysi yirik irmoqlar kelib qo’shiladigan joylardagina bir oz kengayadi. Zarafshon Rabotxoja to’g’oni yaqinida Tojikiston hududidan chiqib, O’zbekiston Respublikasi chegarasiga kiradi va Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan oqib o’tadi. Samarqand shahri yaqinida (sharqroqda), Cho’ponota tepaligi yonida Zarafshon ikki tarmoqqa — Oqdaryo (o’ng) va Qoradaryo (chap)ga ajraladi. Ular Miyonkol orolini hosil kilib, Navoiy viloyati Xatirchi tumani markazi — Yangirabot shaharchasi yaqinida birlashadi va yana Zarafshon nomi bilan oqadi. Zarafshon suvining 70-75% qismi Qoradaryo tarmog’idan oqadi. Bu oraliqsa atrofdagi tog’lardan ko’plab soy oqib tushadi, suvning ozligi va sug’orishga olinishi natijasida soylar Zarafshon va uning tarmoqlarigacha yetib kelmay qurib qoladi. Navoiy shahri yaqinida, Boyqut va Toshrabot qishloqlari oralig’ida daryo vodiysi ancha torayadi. So’ng Janubiy-g’arbiy yo’nalishda oqib, Qizilqum cho’liga kirib boradi, Buxoro, so’ng Qorako’l vohalaridan oqib o’tadi. Mana shu qismida (Qorako’l shahrigacha) Qorako’ldaryo deb ham ataladi. Qorako’l shahridan 3 kilometr yuqorida qurilgan to’g’on — suv taqsimlagichda Zarafshon suvi kanallarga bo’lib yuborilgan. To’g’ondan quyida Daryo o’zani yana ikki tarmoqqa ajraladi: chapdagisi (kattarog’i) — Toyqir, o’ngdagisi esa Saribozor deb ataladi. Har ikki tarmoqning yuqori qismi sug’orish kanali sifatida xizmat qiladi. Sug’orishdan ortgan va qaytarma suvlar Toyqir o’zani orqali Dengizko’lga quyiladi. Saribozor tarmog’i ham Qorako’l vohasidan ancha narigacha davom etadi, lekin quyi oqimida o’zani ko’pincha quruq bo’ladi. Zarafshon Amudaryoga yetib bormaydi. Miloddan avvalgi Zarafshon suvi Amudaryoga quyilgan degan fikr bor. Akademik Ya. G’. G’ulomov boshchiligida 50 yillarda shu hududda o’tkazilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida daryoning muzlik davridan so’ng, miloddan avvalgi 4 ming yillikkacha Amudaryoga quyilganligini ko’rsatuvchi izlar borligi aniqlandi. Biroq yunon manbalarida, masalan, Iskander Maqduniy (Aleksandr) ning tarixchisi Kvint Kursiy Ruf, geograf Strabon (miloddan avvalgi 1 asr), tarixchi Arrian (miloddan avvalgi 2 asr oxiri — 1 asr boshi) lar «Politimet (Zarafshon) sersuv bo’lishiga qaramay, qumga singib ketadi» deb yozishgan. Lekin, Hofizi Abru (13621431) «Obi Ko’hak (Zarafshon) suvi toshganda Amudaryoga yetib boradi» deydi. Demak, Zarafshon ma’lum davrlardagi tabiiy iqlim sharoitlarida Amudaryoga quyilgan. Zarafshonning suv to’plash maydoni ancha baland joylashgan: Dupuli ko’prigidan yuqoridagi qismining o’rtacha balandligi 3100 metr. Shu tufayli havzasida doimiy qor va muzliklar ko’plab uchraydi. Zarafshon havzasida maydoni 1 gektar va undan katta bo’lgan 424 muzlik hisobga olingan, ularning umumiy maydoni 557 kilometr kvadrat. Zarafshon muzlik, doimiy qor, mavsumiy qor qoplami va buloq suvlaridan to’yinadi. Zarafshon havzasining tog’li qismida 80 ga yaqin ko’l bor. Zarafshonda to’linsuv davri aprel—sentabr oylarida kuzatiladi. Bu davrda Daryo yillik oqimining 80-85% oqib o’tadi, oqimining qolgan qismi kuzgi-qishki (oktabr—mart) kam suvli davrga to’g’ri keladi. Iyul avgust oylarida Zarafshonda suv eng ko’p bo’ladi. Zarafshonning Dupuli ko’prigida o’lchangan o’rtacha ko’p yillik suv sarfi 154 m3/ sek yoki 4,86 km3 (1914-21, 1923-89). Zarafshonning o’rtacha yillik suv sarfi yillararo kam o’zgaradi: Dupuli ko’prigida uning eng kichik o’rtacha yillik suv sarfi 112 m3/sek (1957), eng katta o’rtacha yillik suv sarfi 201 m3/ sek (1973). Daryoning suv miqdori yil davomida katta oralikda o’zgarib turadi: eng katta suv sarfi 1964 yil 31 mayda 996 m3/sek, eng kichik suv sarfi 1928 yil 31 yanvarda 24 m3/sek ga teng bo’lgan. Zarafshonning o’rtacha ko’p yillik loyqa oqiziqlari sarfi Dupuli ko’prigi yaqinida 130 kg/sek yoki yiliga 4200 ming tonnani tashkil etadi, suvining o’rtacha loyqaligi 0,80 kg/m3; Daryo havzasining har bir kilometr kvadrat suv yig’ilish maydoni yuzasidan o’rta hisobida yiliga 412 tonna tuproq va boshqa tog’ jinslari yuvilib turadi. Zarafshonda 60 yillar oxiridan daryo suvi minerallashuvi ortib bordi. 70 yillarning boshlarida suvining minerallashuvi quyi oqimida tog’li qismiga nisbatan 2,9 marta ko’paydi. Keyingi yillarda ham daryo suvining minerallashuvi uning quyi qismi tomon borgan sari ortib boraverdi. Masalan, 1979 yilda Zarafshonning yuqori oqimida minerallashuv darajasi 0,22—0,39 g/l bo’lgan bo’lsa, Navoiy shahri yaqinida 0,58 1,05 g/l ortgan. Natijada Zarafshon suvidan uning quyi oqimida ichimlik suvi sifatida foydalanish imkoniyati butunlay yo’qoldi. Zarafshon tog’li qismida muzlamaydi, lekin shovush kuzatiladi. Qish faslining obhavo sharoitiga (issiq yoki sovuq kelishiga) bog’liq holda bu hodisa 2-70 kun davom etadi. Zarafshon quyi oqimida ba’zan qisqa muddat muz bilan qoplanishi mumkin. Qishda daryo, asosan, yer osti (buloq) suvlari hisobiga to’yinadi. Paxta maydonlarini kengaytirish maqsadida Zarafshondan O’ngqirg’oq kanali, yangi Darg’om, Miyonqol-Xatirchi, Markaziy Miyonqol kabi yangi kanallar chiqarilgan, eskilari ta’mirlangan. Zarafshon suvidan samarali foydalanish maqsadida Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on shahri yaqinida Kattaqo’rg’on suv ombori, Buxoro viloyatida esa Quyimozor suv ombori va gidrouzellar qurilgan. Zarafshonning quyi oqimidagi ekinzorlarga Amuqorako’l kanali, Amubuxoro mashina kanali orqali Amudaryo suvi ham keltirilgan. Vohada sug’oriladigan ekin maydonlari kengayishi va ulardan chiqadigan suvning ko’payishi natijasida ko’plab yangi ko’llar paydo bo’ldi, eskilari (Dengizko’l, Sho’rko’l) kattalashdi (ularning soni 40 dan ortdi). Zarafshon vohasida Samarqand, Buxoro, Kattaqo’rg’on, G’ijduvon, Romitan, Navoiy (Karmana bilan birga) kabi shaharlar joylashgan. Ad.: Gulyamov Ya. G., Islamov U., Askarov A., Pervobitnaya kultura i vozniknovenie oroshaemogo zemledeliya v nizovyax Zarafshana, T., 1966; shul ts V. L., M Ashrapov R., O’rta Osiyo gidrografiyasi, T., 1969; Muhammadjon ov A. R., Quyi Zarafshon vodiysining sug’orilish tarixi, T., 1972; Chembarisov E. I., Bahriddinov B. O., O’rta Osiyoning Daryo va zovur suvlari gidroximiyasi, T., 1983; Hasanov H. H., Geografik nomlar siri, T., 1985; Rasulov A. R., Hikmatov F. H., O’zbekistonning suv resurelari, ularni tejash va muhofaza qilish yo’llari, T., 1989.

ZARAFSHON – ertapishar mahalliy olma navi. R. R. Shreder nomidagi Bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida geografik uzoq bo’lgan Landsberg reneti bilan Samarqand ertagisi navlarini chatishtirib chiqarilgan (V. V. Kuznesov, A. A. Leplinskaya). Daraxti o’rta bo’yli, shox-shabbasi keng, tana shoxlari yo’g’on. Ko’chati o’tqazilgach, 4-5-yili hosilga kiradi. Martning o’rtalarida gullaydi. Mevasi o’rtacha (110-150 gramm), keng konussimon, sirti tekis, qizg’ish. Eti oq, nafis, sersuv, mayda urug’li, xushxo’r, hidi yoqimli. Tarkibida 13% quruq modda, 9,6% qand, 1,1 % kislota, 1,49 mg% vitamin S mavjud. Mevasi iyul boshida pishadi. Tupidan 100-120 kilogramm hosil olinadi. Sovuqqa chidamli. Asosan, tomorqa yerlariga ekiladi. O’zbekistonning barcha viloyatlaridagi bog’dorchilikka ixtisoslashgan xo’jaliklar uchun tavsiya etilgan.

ZARAFSHON — ertapishar serhosil kartoshka navi. Samarqand kishlok xo’jaligi intida jahon kollektsiyasidan K5 va K6234 navlarini chatishtirish yo’li bilan yaratilgan (D. T. Abdukarimov, 1981). 1985 yildan O’zbekistonning barcha viloyatlarida rnlashtirilgan. Tupining balandligi o’rtacha, kuchli shoxlaydi. Barg yostig’i, tomiri va o’zagi to’q yashil, barg bo’lmalari tor va uzun. Guli och qizil, binafsha, uchi oq. Changdoni sariq. Kartoshkasi tuxumsimon, uzun, och sariq, tuganak po’stlog’i silliq. Ko’zchalari juda ko’p, eti och sariq. Tuganaklarining o’rtacha og’irligi 80-90 gramm. Turli kasalliklar, jumladan, virusli kasalliklarga, nematodalarga chidamli. Maysalari ko’karib chiqqanidan keyin 100-130 kunda yetiladi, tarkibida 15,3% kraxmal bor. Hosildorligi 15-17 tonna/gektar boradi. Yaxshi saqlanadi, mazasi yaxshi.