ZARAFSHON DAVLAT QO’RIQXONASI
ZARAFSHON DAVLAT QO’RIQXONASI — Samarqand viloyati (Zarafshon daryosining o’ng qirg’og’i) hududidagi qo’riqxona. 1975 yilda tashkil qilingan. Qo’riqxona maydoni 2352 gektar, shu jumladan o’rmonzorlar bilan qoplangan maydoni 868 gektar. Samarqand shahridan 5 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Qo’riqxona hududi daryo sohili bo’ylab eni 150 metrdan 1400 metrgacha bo’lgan 35 kilometr masofaga cho’zilgan. Asosiy vazifasi — to’qay o’simliklari va hayvonot olamiga mansub tabiiy muhitni, noyob va yo’qolib borayotgan o’simliklar va hayvonlar genofondini saqlash, o’rganish hamda tiklashdan iborat. Qo’riqxona iqlim sharoitlari kontinental subtropiklarga xos. Havo harorati yozda +4G ga yetadi, qishda -27° gacha pasayadi. O’rtacha yillik yog’in miqdori 100-400 millimetr. O’simlik dunyosi terak, tol, jiyda, chakanda kabi daraxt, buta va o’t to’qayzorlardan iborat. Qo’riqxona hududida o’simliklarning 266, qushlarning 172, baliqlarning 8 turi uchraydi. Qo’riqxonada Zarafshon qirg’ovuli muhofaza qilinadi va uni kataklarda boqib ko’paytirish masalalari o’rganilgan. 1996 yildan qo’riqxonada Badayto’qay va Qizilqum qo’riqxonalaridan keltirilgan 6 bosh Buxoro bug’usi (xongul)ni iqlimlashtirish bo’yicha ishlar olib boriladi. 1998 yilda ulardan birinchi nasl olindi va bu noyob hayvonni ko’paytirish ishlari davom etmoqda. Boris Dyakin.