ZAYTSEV ALEKSANDR MIXAYLOVICH

ZAYTSEV ALEKSANDR MIXAYLOVICH (1841.20.6, Qozon 1910.19.8) rus organik kimyogari, Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1885). Qozon universitetining professori (1871). Dietilkarbinolni sintez qilgan va organik birikmalarning yangi sinfi — laktonlarni kashf etgan (1873). Galogenvodorodlarning to’yinmagan uglevodorodlarga birikish va galogenvodorodlarning alkilgalogenidlardan ajralish qonuniyatini kashf etgan (bu qonuniyat Zaytsev qoidasi deb ataladi). Alkilgalogenid bilan keton aralashmasiga rux ta’sir ettirib, uchlamchi to’yingan spirt sintez qilishning yangi usulini taklif etgan (1885). Rux organik birikmalar yordamida ketonlardan uchlamchi spirtlar olish usulini ishlab chiqqan (bu usul Zaytsev reaktsiyasi deb ataladi). Shogirdlari bilan bir qancha to’yinmagan uglevodorodlar (butilen, diallil va boshqalar) sintez qilgan.