ZEB-ZIYNAT BUYUMLARI

ZEB-ZIYNAT BUYUMLARI – zargarlik san’atida yaratiladigan bezak buyumlari, taqinchoklar. Ayol libosini boyitib, ularni yanada nazokatli va jozibali qilib ko’rsatishga xizmat qiladi. Asosan, oltin, kumush va boshqalardan yasalib, javohirlar qo’yib bezatiladi, jimjimador qilib raxkori, Kumushni qoraytirib sovodkori, panjarali qilib shabaka va boshqa usullarda o’yma va bo’rtma naqshli qilib turlicha ishla’nadi, shokilalar bilan bezatiladi. Taqilishiga ko’ra, bosh (tillaqosh, tillabargak, bodomoy, bibishak, gajak, ko’shduo va boshqalar), bo’yin— ko’krak (turli marjon va marvaridlar, zebigardon, nozigardon, jevak, tangajevak, tavq, bo’yintumor, ko’kraktumor, qo’ltiqtumor kabi tumorlar, bozuband va boshqalar), soch (sochpopuk, tuf va boshqalar), quloq — burun (buloqi, isirg’alar va boshqalar) va qo’l (uzuk, bilaguzuklar) Zeb-ziynat buyumlari xillari farqlanadi. Zeb-ziynat buyumlarining paydo bo’lishi tarixi juda qadimgi davrga borib taqaladi. Arxeologlar yuqori paleolit qatlamlaridan topgan tosh munchoq, to’g’nog’ichlar, jez davriga oid bilaguzuk, to’g’nog’ich va tugmalar ilk ajdodlarning dastlabki bezaklari haqida xabar beradi. Keyingi davrlarda yaratilgan tilla buyumlar bo’rtma tasvirlar, sopol haykalchalar, o’rta asrlarga oid devoriy rasmlar, qo’lyozma asarlarga ishlangan miniatyuralarda aks etgan. Zeb-ziynat buyumlari vaqt o’tishi bilan asta-sekin bir-birini to’ldirib, 19 asr oxiri 20 asr boshida yaxlit to’plamlarni vujudga keltirgan. O’zbekistonning turli viloyatlarida yasalgan zargarlik buyumlari o’ziga xos mahalliy xususiyatlari bilan birbiridan farq qiladi. Xorazmlik zargarlar tayyorlagan Zeb-ziynat buyumlari salmoqdorligi, serhashamligi va ko’rinishi bilan ajralib turadi. Samarqand zargarlari yaratgan taqinchoqlarda Toshkent hamda Buxoro zargarligining ta’siri seziladi. Masalan, panjara usulida nozik did bilan qulflik qilib ishlangan bilaguzuklar Buxoro zargarlarining ishlariga yaqin. Buxoro zargarlarining Qashqadaryo, Surxondaryo viloyati zargarlarining ishlariga ham ta’siri katta bo’lgan. Toshkentlik kelinlar to’yida (nikoh libosi bilan birga) boshga tillaqosh, tillabargak, gajak, quloqqa isirg’a, bo’yinga ko’krakka tushib turadigan zebigardon, jevak, xafaband, marjon, bo’yintumor, sochga sochpopuk, qo’ltiqqa qo’ltiqtumor, qo’lga bilaguzuk va uzuklar taqqan. Samarqand kelinlarining Zeb-ziynat buyumlari (tillabargak, tillaqosh, gajak, isirg’a, sochpopuk, tavq, marjon, ko’kraktumor, zebigardon yoki haykal, bilaguzuk va uzuk) toshkentlik kelinlarnikiga yaqin bo’lgan. Xiva kelinlarining taqinchoklari (takyatuzi, osmaqanot, butuntirnoq, o’qyoy, shokila va boshqalar) o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Shunga ko’ra, turli markazlarda yaratilgan Zeb-ziynat buyumlari to’plamlari umumiylikka ega bo’lib, mahalliy o’ziga xoslik qismlarda namoyon bo’ladi. Bu to’plamlar bir namuna ko’rinishiga ega bo’lib, qat’iy bo’lmagan, u har bir xonadonning iqtisodiy ahvoliga qarab u yoki bu darajada boyitilgan. Ayollar Zeb-ziynat buyumlarini to’la-to’kis holatda kelinlik davrining dastlabki 1-2 yil ichida, to’y-tantanalarda taqishga harakat qilgan, boshqa vaqtda yengil qarakat qilishga xalaqit bermaydiganlari (uzuk, bilaguzuk, isirg’a va boshqalar) ni taqqan. Zirak, bilaguzuk, har xil munchoqlar (munchoq, qalampirmunchoq) ni qizchalarga juda kichikligidan boshlab taqa boshlashgan, chunki ular bezak bo’lish bilan birga yomon nazardan asrash vazifasini ham bajargan. 20-asr 20-yillarida zargar ustalar artellarga birlashdi, an’anaviy serhasham va og’ir Zeb-ziynat buyumlari o’rniga xalq didiga mos bo’lgan yengil, qulay va nafis isirg’alar (qashqarboldoq, «isirg’abarg», buxori zirak — «shibirma», «ayzirak», ilon zirak va boshqalar), yoqut ko’zli uzuklar, bilaguzuklar yasala boshlandi, xom ashyo sifatida mis, kumush va tilla bezaklardan, qisman davlat ajratgan tilladan foydalanildi. 1963 yilda Toshkent zargarlik fabrikasi (1972 yildan zavod) ishga tushdi, u yerda tilla zanjirlar, yoqut, Feruza, Gavhar va boshqa qimmatbaho toshlardan ko’zlar qo’yib ishlangan zirak va uzuklar, bilaguzuklar, nikoh uzuklari ko’plab ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Nozik did va mahorat bilan ishlangan bu qulay va nafis taqinchoqlarni ayollar doimo taqib yurish imkoniyatiga egadir. Zargarlar yangi Zeb-ziynat buyumlari (jumladan, qashqarboldoq, Buxoro isirg’asi «shibirma», to’g’nog’ich, bilaguzuk, marjon va boshqalar) bilan bir qatorda an’anaviy taqinchoqlarni (masalan, isirg’a, uzuk, bilaguzuk, marjonlardan iborat «bozuband», «Oynazirak» va boshqa to’plamlari, 90 yillar) yangicha o’ziga xos bezaklar bilan yaratmoqda.