ZINNAT FATXULLIN

ZINNAT FATXULLIN (to’liq ism-sharifi Zinnat Ravilovich Fatxullin) (1903, Nijniy Novgorod — 1988.1.1, Toshkent) — dramaturg. O’zbekiston xalq yozuvchisi (1983). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1963). 2-jahon urushi qatnashchisi (1939-45). Ijodi 1923 yildan boshlangan. Zinnat Fatxullinning ilk sahna asarlari — «Toshkay», «Eskilikdan yangilikka» (1923), «G’unchalar» (1930) pyesalari. Shundan keyin «Niqob yirtildi» (1932), «Sotqinlar» («Oltin kuz», 1937) va boshqa sahna asarlarini yozdi. Urushdan keyingi davrda Zinnat Fatxullin «Vatan ishqi» (Shukur Sa’dulla bilan hamkorlikda, 1957), «Obi hayot» (1962), «Yoshlikda bergan ko’ngil» (1964), «Orzular» (1967), Hamza hayotiga bag’ishlangan «Tomosha davom etadi» (1969) dramalarini yaratdi. Zinnat Fatxullinning qator asarlari o’zbek xalqining ikkinchi jahon urushi yillarida ko’rsatgan jasoratiga bag’ishlangan. «So’nmas hayot» (1951) qissasida urush qahramoni Qudrat Suyunovning mardligi yorqin ochib berilgan. «Oy borib omon qayt» (1970) stsenariysi asosida film ishlangan. As: tanlangan asarlar [2 jildli], T., 1983-84.