ZIYOVUDDINXON IBN ESHON BOBOXON

ZIYOVUDDINXON IBN ESHON BOBOXON (1908.10.1 — Toshkent — 1982.22.12) — mufti, din va jamoat arbobi. Dastlab otasi Eshon Boboxon Abdu-Majidxon o’g’li qo’lida, so’ngra Toshkentdagi Baroqxon, Ko’kaldosh madrasalarida tahsil ko’rgan (1923— 31). Qohiradagi al-Azhar dorilfununini tugatgan, Makka, Madina shaharlariga ilmiy safarlar qilgan (1947). O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkiliy qo’mitasida bosh kotib (1942), boshqarma raisining o’rinbosari (1943— 57), raisi (1957-82). Toshkentda Imom Buxoriy nomidagi Islom intini tashkil etdi (1969) va unga bevosita rahbarlik qildi. Uning sa’yi harakati bilan Buxoroda Mir Arab madrasasi faoliyati qayta tiklandi (1945). Sobiq Sovet Ittifoqi va bir qancha musulmon mamlakatlarida o’tkazilgan yirik xalqaro diniy anjumanlarning tashkilotchisi yoki faol ishtirokchisi sifatida turli xalklar va dinlar o’rtasida hamkorlik o’rnatilishiga harakat qildi. Masjidlar bo’yicha Butunjahon oliy kengashi a’zosi etib saylandi (Makka, 1976). Ziyovuddinxon diniy merosni keng targ’ib va tashviq qilishdan tashqari ilmiy, adabiy faoliyat bilan ham shug’ullangan. Ibn Sinoning gigienaga oid kitobini o’zbek va rus tillariga o’girgan (Abu Ali ibn Sina, traktat po gigiene, T., 1982). Ziyovuddinxonning «Diyorimizda Islom va musulmonlar» asari (1979, rus tilida) da Islom dinining mohiyati ochib berilgan, Islom barcha zamon va xalqlar uchun salohiyatli din ekanligi, uning tamoyillari hamma yaxshi niyatli kishilarning orzu-umidlari bilan hamohang ekanligi ko’rsatilgan. Futuhiy taxallusi bilan she’rlar ham bitgan. Ziyovuddinxon xalqlar o’rtasida tinchlikni saqlash, yer yuzida do’stlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishiga katta hissa qo’shganligi uchun Iordaniya, Suriya, Marokash va MAP ning oliy ordenlari bilan taqdirlangan. 1998 yil tavalludining 90 yilligiga bag’ishlab Toshkentda xalqaro ilmiyamaliy konferentsiya o’tkazildi. Toshkentdagi Qaffol ash-Shoshiy qabrlar majmuasida otalari Eshon Boboxon yoniga dafn etilgan (ra). Ad.: Boboxonov Sh., So’nmas ziyo, T., 1998; Babaxanov Sh., Muftiy Ziyauddinxan ibn Eshon Babaxan, T., 1999; Boboxonov Sh., Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon [Ma’naviyat va ibrat maktabi], T., 2001. Shamsuddinxon Boboxonov.